
Kreml rossiyaliklarni narxlar oshishidan qo‘rqmaslikka chaqirdi
Rasmiylar inflatsiya nazorat ostida ekanini aytmoqda, ammo bozordagi narxlarning o‘sib borayotgani jamoatchilikda savollar uyg‘otyapti.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov rossiyanlar narxlar keskin oshishidan xavotir olmasligi kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, hukumat va regulyatorlar vaziyatni doimiy nazorat qilib bormoqda. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Markaziy banki makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun zarur choralarni ko‘rmoqda, hukumat esa narxlar o‘sishini tahlil qilyapti.
Bu bayonot 2026 yil boshida inflatsiya keskin tezlashgan bir paytda yangradi. Rasmiylar hozircha xavotir uchun asos yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Inflatsiya darajasi ko‘tarildi
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 1–12-yanvar kunlari iste’mol narxlari 1,26 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2025 yilning butun yanvar oyidagi o‘sishdan ham yuqori bo‘ldi. Inflatsiya sur’atlari 2022 yil mart oyidan beri eng yuqori darajada qayd etildi.
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bu holatni QQS stavkasining 20 foizdan 22 foizga oshirilishi bilan izohladi. Natijada oziq-ovqat tovarlari o‘rtacha 1,4 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,74 foizga, xizmatlar esa 1,8 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, avtomobil utilizatsiya yig‘imi, yoqilg‘i aksizlari hamda kommunal va transport tariflari indeksatsiyasi narxlarga bosim qildi.
Rossiya Savdo-sanoat palatasi rahbari Sergey Katirinning aytishicha, yil boshida logistika xizmatlari 10–20 foizga qimmatlagan.
«Hammasi nazorat ostida»
Ayni paytda jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda narxlar oshishiga munosabat bildirmoqda: ayrim shaharlarda oddiy tovarlar qimmatlashib, do‘konlarda himoya qutilariga joylanmoqda.
Shunga qaramay, Markaziy bank inflatsiya bo‘yicha prognozini o‘zgartirmadi va 2026 yil oxirigacha 4–5 foizlik diapazonni kutmoqda.
RF prezidenti Vladimir Putin esa inflatsiyani pasaytirish va iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar bergan. Ammo bozordagi voqelik bilan rasmiy bayonotlar o‘rtasidagi tafovut jamoatchilik muhokamalarini kuchaytirmoqda.





