Logo

Lukashenko o‘zbek oilalariga Belarusga borib yashashni taklif qildi

Bugun 12:152 daqiqa

U O‘zbekistonda suv yetishmasligi va yer masalasida muammolar borligini aytib, o‘zining mamlakatida resurslar ko‘pligini urg‘uladi.

Lukashenko o‘zbek oilalariga Belarusga borib yashashni taklif qildi © prezident.uz

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zbekistonliklarni oilasi bilan birga Belarusga ko‘chib borib, u yerda ishlashga chaqirdi. Bu haqda «Pul Pervogo» xabar berdi.

Uning aytishicha, Belarusda mehnatkash va malakali kadrlar yetishmaydi. U O‘zbekistonda suv va yer bilan bog‘liq muammoli masalalarga to‘xtalib, bunday muammolar o‘zi rahbarlik qilayotgan mamlakatda yo‘qligini aytdi. Shu bois u o‘zbekistonliklarni vataniga taklif qildi.

«O‘zbekistonda suv va yer yetishmasligi ham borligi haqida gapirishadi, qaniydi ko‘proq bo‘lsa yaxshi edi. Belarusda esa bularning barchasi bor. Lekin ba’zida ishchi kuchimiz yetishmaydi. Shuning uchun biz o‘zbeklarning, aynan o‘zbekistonliklarning oilalari bilan Belarusga kelishini, shu yerda yashashini, kerak bo‘lsa sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida yordam olishini hamda rivojlanishini istardik», — dedi Lukashenko.

U belarusliklar o‘zbekistonliklarga juda yaxshi munosabatda ekanini urg‘ulab, birgalikda ishlashga chaqirdi.

«Belarus yerlari bo‘shab qolmasligi kerak. Keling, birgalikda ishlaylik. Belaruslar o‘zbeklarga juda yaxshi munosabatda. Xuddi shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari ham belaruslarga yaxshi munosabatda. Bundan foydalanish kerak. Keling, bir-birimiz tomon harakat qilaylik», — ta’kidladi u.

Lukashenko ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga alohida to‘xtalib, bu munosabatlar mehnat migratsiyasi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yaxshi asos bo‘lishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 8–9-iyul kunlari Belarusda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Tashrif davomida bir nechta hujjatlar imzolandi. Ular orasida aynan o‘zbekistonliklarni Belarusda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim ham bor.

Teglar

Mavzuga oid

Lukashenko o‘zbek oilalariga Belarusga borib yashashni taklif qildi | Vaqt.uz