
Maduro o‘rnini egallagan Delsi Rodriges kim? Trampning qo‘g‘irchog‘imi yoki Venesuela himoyachisi?
U xalqaro sanksiyalardan qo‘rqmaydi, diplomatik protokolni buzib, yopiq eshiklarga bostirib kirishga odatlangan. Bugun u nafaqat Venesuela jilovini, balki dunyoning eng yirik neft zaxiralari taqdirini ham qo‘lida tutib turibdi.
Delsi Rodriges amerikaliklar tomonidan asirga olingan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro o‘rnini egalladi va AQSHga munosib zarba berishga va’da berdi. Biroq AQSH prezidenti Donald Tramp uning Vashington ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishiga va amalda uning Karakasdagi noibi bo‘lishiga ishonchi komil. Delsi Rodriges haqida nimalar ma’lum?
U — Maduroning o‘ng qo‘li va mamlakat vitse-prezidenti. Aynan shu sababli Oliy sud Maduroning «majburiy yo‘qligi» davrida davlat rahbari vakolatlarini unga topshirdi.
Rodriges darhol nufuzli davlat mulozimlari va harbiylar qurshovida omma oldida ko‘rinish berdi. U AQSHga nisbatan keskin bayonotlar bera boshladi — bu bilan Maduroning o‘g‘irlanishi hokimiyat almashinuviga, mamlakat siyosatining o‘zgarishiga yoki elitalar o‘rtasidagi nizolarga olib kelmaganini namoyish etdi.
«Venesuelada faqat bitta prezident bor, uning ismi — Nikolas Maduro. Xalqimiz taslim bo‘lmaydi, bosh egmaydi va hech qachon hech qaysi imperiyaning — na eskisining, na yangisining va na so‘nayotganining mustamlakasiga aylanmaydi», - dedi Rodriges.
Donald Trampning fikri esa mutlaqo boshqacha. Venesuelada hozir kim mas’ul ekani haqidagi savolga Tramp ochiqchasiga: «Biz mas’ulmiz», deb javob berdi. Shuningdek, u Venesuelani yangi harbiy operatsiya, Rodrigesni esa, agar Oq uy irodasiga bo‘ysunmasa va AQSHga «neft va boshqa resurslarga to‘liq yo‘l» ochib bermasa, Maduroning qismatidan ham «battarrog‘i» kutayotgani bilan tahdid qildi.
«Yo‘lbars»
Delsi Rodrigesning otasi partizan bo‘lgan va 1976 yilda politsiya qiynoqlari oqibatida vafot etgan.
Adolat izlab, u huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oldi — avval vatanida, so‘ngra Fransiyada. Bolivar inqilobi va Ugo Chavesning hokimiyatga kelishi, uning e’tiroficha, otasi uchun sobiq hukumatdan olingan «shaxsiy qasos» bo‘ldi.
56 yoshli Delsining akasi Xorxe Rodriges ham siyosatda katta nufuzga ega. Hozirda u Venesuela Milliy assambleyasiga rahbarlik qiladi.
Chaves davrida Delsi Rodriges vazirlik lavozimigacha ko‘tarildi, biroq uning haqiqiy parvozi Chaves vafotidan so‘ng, Nikolas Maduro hokimiyatga kelganidan keyin boshlandi.
U turli yillarda Aloqa, Iqtisodiyot va Tashqi ishlar vazirliklariga rahbarlik qildi. Yakunda esa vitse-prezident lavozimiga yetib keldi va qashshoqlik changalidagi Venesuelaning yagona daromad manbai bo‘lgan neft-gaz sohasiga mas’ul etib tayinlandi.
Maduro chaviylik g‘oyalariga sadoqati uchun Rodrigesga «yo‘lbars» deb laqab qo‘ygan. U ham mamlakat ichida, ham xorijda prezidentning ishonchli vakili edi.
«Delsi akasi bilan tandemda ishlaydi. Uning roli intellektual emas, balki ko‘proq amaliydir. Ikkalasi ham bilimli insonlar bo‘lib, hukumatni malakali mutaxassislar butunlay tark etgach hosil bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirishdi», — degan edi siyosatshunos Nikmer Evans 2024 yilda BBC Mundo nashriga bergan intervyusida.
Hukumatning yuzi
«Delsi Rodriges erkinliklarni bostirish va saylovlarni soxtalashtirish sababli G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Maduro rejimining asosiy qiyofasiga aylandi», - deyiladi BBC maqolasida.
Maduroning o‘zi keyingi vaqtlarda chet elga deyarli chiqmay qo‘ygan edi, shu sababli Rodriges Turkiya, Xitoy va Eron kabi ittifoqchi davlatlar bilan aloqalarda hal qiluvchi rolni o‘ynadi.
Shiddatkor va tinib-tinchimas Rodriges bir necha bor diplomatik mojarolarga sabab bo‘lgan. Venesuela Janubiy Amerika savdo bloki — MERKOSURdan chiqarib yuborilgach, u tashkilotning Buenos-Ayresdagi yig‘ilishiga kuch bilan kirishga urindi. 2020 yilda esa Shengen hududiga kirish taqiqlanganiga qaramay, xususiy samolyotda Ispaniyaga uchib bordi.
AQSH va Yevropa Ittifoqi inson huquqlarini buzgani hamda demokratiyani parokanda qilgani uchun Rodrigesga qarshi sanksiyalar joriy etgan.
Rodriges har doim AQSHni qoralab kelgan va Maduroning Ugo Chaves vasiyatlari asosida sotsializm qurish hamda Amerika imperializmiga qarshi murosasiz kurashish huquqini qizg‘in himoya qilgan.
Endi u Vashingtonning ko‘rsatmalari ostida ishlashga majbur bo‘ladigan vaziyatda va agar itoat qilmasa, Trampning va’da qilgan harbiy tahdidiga duch keladi.
Rodriges hozirdanoq moslashuvchanlik ko‘rsata boshladi. Dastlabki jangovar bayonotlardan so‘ng, u ohangini yumshatdi.
«Biz AQSH hukumatini ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi bo‘yicha birgalikda ishlashga chaqiramiz. Prezident Donald Tramp, xalqlarimiz va mintaqamiz urushga emas, tinchlik va muloqotga loyiqdir», - dedi u Trampga murojaat qilib.
Teglar






