
Mahalliy ijro hokimiyat organlarining vakolatlari qayta belgilandi
Yangi qonun bilan shahar transporti, budjet va yong‘in xavfsizligida mahalliy hokimiyatning aniq vakolatlari belgilandi.

2025 yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ–1109-sonli Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjatga muvofiq, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar kiritilib, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari kengaytirildi. Endi ular bekatlar, to‘xtab o‘tish va dispetcherlik manzillari hamda boshqa ob’ektlarni joylashtirish, qurish va obodonlashtirish masalalarini hal qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga aholiga transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shahar yo‘lovchilar transportini boshqarish organi bilan shartnomalar tuzish hamda transport harakatini tashkil etish rejalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Yo‘lovchilar tashish xizmati sifati ustidan nazorat qilish ham ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatlariga kiritildi.
Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining funksiyalari ham aniqlashtirildi. Ular avtomobil transportini rivojlantirishga qaratilgan kompleks mintaqaviy dasturlarni tasdiqlash va ushbu dasturlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari mahalliy byudjetlarning yong‘in xavfsizligiga oid qismini, jumladan, yong‘indan saqlash xizmati ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlarni tasdiqlashi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.





