
Makka–Madina yo‘lida avtohalokat: hindistonlik 42 ziyoratchi halok bo‘ldi
Saudiya Arabistonida umra ziyoratchilari bilan to‘lgan bo‘lgan avtobus dizel tashuvchi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Voqea oqibatida kamida 42 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Hodisa Makka–Madina avtomagistralidagi Mufrihat yaqinida sodir bo‘lgan. Hindistonning Haydarabod shahridan kelgan umra ziyoratchilari avtobusi dizel tankeriga urilgan va to‘qnashuvdan so‘ng kuchli portlash yuz bergan. Avtobus va tanker yonilg‘idan hosil bo‘lgan ulkan olovda kuyib ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 20 ayol va 11 nafar bola bor. Tanib olinishi lozim bo‘lgan jasadlar bilan qurbonlar soni 45 nafargacha yetishi mumkinligi aytilmoqda. Faqat bir yo‘lovchi tirik qolib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
Hindistonning Jiddadagi konsulxonasi 24 soatlik maxsus shtab ochganini ma’lum qildi. Bosh vazir Narendra Modi ham halokat munosabati bilan chuqur ta’ziya bildirib, jabrlanuvchilarga barcha yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.
Saudiya rasmiylari hodisa yuzasidan keng qamrovli tergov boshlanganini va aniq sabablar hali o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.





