Logo

Mariya Zaxarova o‘zbekistonlik bloger Makarenkoni «soxta vatanparvar» deb atadi

Bugun 12:292 daqiqa

Rossiya diplomatik idorasi vakilining aytishicha, yaqinda O‘zbekiston suverenitetiga qarshi chiqqani, SSSRni targ‘ib qilgani va uni qayta tiklash zarurligini aytgani uchun qamalgan Aziz Hakimov «Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va umumiy tarixiy xotirani saqlash» tarafdori bo‘lgan.

Mariya Zaxarova o‘zbekistonlik bloger Makarenkoni «soxta vatanparvar» deb atadi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy so‘zlovchisi Mariya Zaxarova o‘zbekistonlik bloger Nikita Makarenkoni «soxta vatanparvar» deb atadi. Bu haqda Rossiya TIV saytida post joylandi.

Uning aytishicha, Makarenkoning maqsadi — tashqi kuchlar ko‘rsatmasi bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikka soya solish.

Gap 11-avgust kuni tuhmat, haqorat hamda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishda aybdor deb topilib, 4 yil 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan boshqa o‘zbekistonlik Aziz Hakimov haqida ketmoqda. Zaxarovaning aytishicha, Hakimov «Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va umumiy tarixiy xotirani saqlash» tarafdori bo‘lgan.

Rossiya diplomatik idorasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Hakimov ustidan sudga murojaat qilishning asosiy tashabbuskori Makarenko bo‘lgan.

Makarenko Hakimov «O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga qarshi chiqqan, SSSRni targ‘ib qilgan va uni qayta tiklash zarurligini aytgan, shuningdek, 1930-yillardagi siyosiy qatag‘onlar qurbonlari hamda 1920-yillardagi milliy-ozodlik kurashi xotirasini yomonotliq qilgan», deb bayonot bergan. Makarenko, shuningdek, ushbu ish bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida qatnashganini bildirgan.

«Bir necha yil davomida Aziz Hakimov mening nomimga nisbatan yolg‘on, tuhmat va haqoratli ma’lumotlarni tarqatib kelgan», — degan Makarenko.

Zaxarova esa Makarenkoning chiqishlarini «rusofobik feyklar» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Makarenko tarixiy faktlarni ataylab buzib ko‘rsatmoqda va odamlar o‘rtasida adovat tarqatmoqda.

«Do‘stona davlatimiz — O‘zbekiston hukumati nihoyat bu soxta vatanparvarning faoliyatiga obektiv huquqiy baho beradi, deb umid qilamiz», — deya xulosa qilgan Rossiya TIV vakili.

Teglar

Mavzuga oid