add

Markaziy Osiyo yetakchilariga Tolstoy tinchlik mukofoti topshirildi

Bugun 08:301492 daqiqa

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi hissasi uchun xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.

Markaziy Osiyo yetakchilariga Tolstoy tinchlik mukofoti topshirildi

Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida Sankt-Peterburg shahridagi N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi davlat konservatoriyasida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi.

Mukofot Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin huzurida uning hakamlar hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev tomonidan taqdim etildi. Marosim xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortgan muhim diplomatik voqea sifatida baholandi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, uch mamlakat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishdagi qadamlar alohida qayd etildi.

Qarorda 2025 yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uch davlat rahbarlari tomonidan Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi imzolangani ta’kidlandi. Ushbu hujjatlar xalqaro huquq ustuvorligiga tayanadigan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik va bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarning e’tirofi ekani urg‘ulandi. Rasmiylar fikricha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda ochilgan yangi sahifa mintaqa xalqlari manfaatiga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid