«Matbuot erkinligi kushandalari» ro‘yxati e’lon qilindi
Xalqaro «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti 2026-yilda jurnalistlarga jiddiy bosim o‘tkazgan deb hisoblangan 33 shaxs va tashkilot nomini e’lon qildi. Ular orasida Tramp, Putin, Erdo‘g‘an va To‘qayev ham bor.

Xalqaro «Chegara bilmas muxbirlar» («Reporters Without Borders» — «RSF») tashkiloti 2-noyabr kuni 2026 yilgi «Matbuot erkinligi kushandalari» ro‘yxatini e’lon qildi. Unda jurnalistlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatiga bosim o‘tkazgan deb hisoblangan 33 nafar shaxs, davlat tuzilmasi, kompaniya va tashkilot nomi keltirilgan.
Ushbu ro‘yxat «Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni» munosabati bilan e’lon qilingan. «RSF» unda jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularni doimiy ta’qib etish, qamoqqa olish, qo‘rqitish, obro‘sizlantirish va mustaqil tahririyatlarga iqtisodiy bosim o‘tkazishda ayblanayotgan subyektlarni ko‘rsatgan.
Tashkilot ro‘yxatni beshta asosiy toifaga ajratgan:
Siyosiy bosim: davlat hokimiyatidan foydalanib, axborot tarqatishni cheklash va jurnalistlarga bosim o‘tkazish;
Xavfsizlik: jurnalistlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, hujum uyushtirish va qamoqqa olish;
Huquqiy bosim: sud jarayonlari va qonunchilik mexanizmlari orqali jurnalistlarni ta’qib qilish;
Iqtisodiy bosim: mustaqil tahririyatlarning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘yish;
Ijtimoiy bosim: jurnalistlarni ommaga obro‘sizlantirish, ularga qarshi nafrat va ishonchsizlikni sun’iy kuchaytirish.
Ro‘yxatga AQSH prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevdan tashqari, Isroil harbiy kuchlari, Xitoy Kommunistik partiyasi, Meksikadagi yirik jinoiy guruhlar, «Alphabet» va «Meta» kabi texnologik kompaniyalar ham kiritilgan.
Tramp va Putin siyosiy bosim o‘tkazuvchilar qatorida
AQSH prezidenti Donald Tramp «RSF» ro‘yxatiga tarixda ilk bor kiritildi. Tashkilot uni AQSH matbuotidagi tanqidiy materiallarga nisbatan siyosiy va ma’muriy bosim o‘tkazishda keskin ayblamoqda.
«RSF» ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 2025 yil yanvar oyida ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishganidan keyin OAVga qarshi og‘zaki hujumlarni, sud jarayonlari va ma’muriy cheklovlarni kuchaytirgan. Tashkilot, ayniqsa, Oq uy va Pentagonga jurnalistlarning kirishi cheklangani, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalarining mustaqilligiga bosim o‘tkazilgani hamda tanqidiy materiallar tayyorlaydigan nashrlarga nisbatan sud da’volari qo‘llanilganini alohida qayd etgan
Shuningdek, «RSF» AQSH Global media agentligi («USAGM») va uning tarkibidagi «Amerika ovozi» («Voice of America») faoliyati ustidan siyosiy nazorat o‘rnatishga urinishlarni ham tanqid qilgan.
Trampning ushbu ro‘yxatga kiritilishi fonida AQSH 2026 yilgi «Jahon matbuot erkinligi indeksi»da 64-o‘rinni egallagan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan yetti pog‘ona past natija hisoblanadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa tashkilotning siyosiy bosim toifasiga kiritilgan. «RSF» Rossiyada 2026 yilda SSSR parchalanganidan beri kuzatilmagan darajadagi matbuotga bosim kuchayganini bildirgan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2026 yil davomida 50 nafar jurnalist o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan. Ularning 27 nafari ukrainalik jurnalistlardir. «RSF» Rossiya harbiylari tomonidan Ukraina hududida jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga qarshi 230 dan ortiq hujumni rasman hujjatlashtirgan. Ushbu hodisalarda jami 16 nafar media xodimi halok bo‘lgan, 53 nafari turli darajada jarohatlangan.
Bundan tashqari, tashkilot Rossiyadagi jurnalistlarga nisbatan huquqiy bosim keskin kuchayganini ta’kidlagan. Jumladan, xorijda faoliyat yuritayotgan rossiyalik jurnalistlarga qarshi qabul qilingan yangi qonun orqali ularning bank hisoblarini muzlatish, ma’muriy xizmatlardan foydalanishini cheklash va konsullik xizmatlarini rad etish imkoniyati yaratilganini bildirgan.
«RSF» yana 60 ga yaqin jurnalist Rossiyadagi «terroristlar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilganini, «Novaya gazeta» tahririyatiga nisbatan tintuvlar, huquqiy ta’qib va bosh muharrir Sergey Sokolovning hibsga olinishi kabi holatlarni misol tariqasida keltirgan.
«RSF»ning 2026 yilgi «Jahon matbuot erkinligi indeksi»da Rossiya 180 mamlakat orasida 172-o‘rinni egalladi.
Erdo‘g‘an va To‘qayev huquqiy bosim kategoriyasiga kiritildi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ro‘yxatning «Huquqiy bosim» toifasiga kiritilgan. «RSF» ularni jurnalistlar va mustaqil mediaga nisbatan sud jarayonlari hamda qonunchilik mexanizmlaridan g‘arazli foydalanishda ayblagan.
Tashkilotning Turkiya bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, Erdo‘g‘anning prezidentlik davrida jurnalistlarga nisbatan yuzlab sud jarayonlari boshlangan. Jumladan, prezidentni haqorat qilish moddasi bo‘yicha 250 nafardan ortiq jurnalist jinoiy ta’qibga uchragan.
«RSF» hisob-kitoblariga ko‘ra, Erdo‘g‘an 2014 yilda prezident bo‘lganidan beri 174 nafar jurnalist hibsga olingan. Ularning sakkiz nafari faqat 2026 yilning o‘zida ushlangan.
Turkiya 2026 yilgi «Jahon matbuot erkinligi indeksi»da 163-o‘rinni egalladi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham aynan shu toifada qayd etilgan. «RSF» uning hukumati mustaqil jurnalistika faoliyatini qonunchilik va sud jarayonlari orqali keskin cheklayotganini bildirgan.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda jurnalistlarga nisbatan «yolg‘on ma’lumot tarqatish» ayblovi juda tez-tez qo‘llaniladi. Bu borada mustaqil «KazTAG» agentligi rahbarlari Amir Kasenov va Aset Matayevning ishi misol qilib keltirilgan.
«RSF» ma’lumotiga ko‘ra, ular 2026 yilgi parlament saylovlari arafasida sudlanib, besh yil davomida jurnalistika bilan shug‘ullanish huquqidan butunlay mahrum qilingan.
Shuningdek, tashkilot 2026 yil 15-martda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy referendumni yoritishda jurnalistlarga to‘sqinlik qilinganini, ayrim jurnalistlar ushlangani va xorijiy muxbirlarning akkreditatsiyasi bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolganini qayd etgan.
Qozog‘iston 2026 yilgi «Jahon matbuot erkinligi indeksi»da 149-o‘rinda qayd etildi.
Ro‘yxatda faqat davlat rahbarlari yo‘q
«RSF» e’lon qilgan 33 nom orasida siyosatchilar bilan bir qatorda xususiy kompaniyalar, yirik biznes vakillari, davlat tashkilotlari va boshqa tuzilmalar ham bor.
Masalan, iqtisodiy bosim toifasiga «Google» va «YouTube» egasi «Alphabet», shuningdek, «Facebook», «Instagram» va «WhatsApp» platformalarini boshqaruvchi «Meta» kompaniyalari kiritilgan. «RSF» ularning raqamli reklama bozoridagi ustunligi mustaqil media nashrlarining moliyaviy imkoniyatlariga salbiy ta’sir qilayotganini ta’kidlagan.
Shu toifada gruziyalik milliarder Bidzina Ivanishvili, fransuz media magnati Vensan Bollore va Rossiya rasmiysi Vladimir Tabak ham qayd etilgan.
Ijtimoiy bosim toifasida esa amerikalik tadbirkor Ilon Mask, Argentina prezidenti Xaver Miley, rossiyalik media rahbari Margarita Simonyan va boshqalar bor. Tashkilot ularning jurnalistlar obro‘sini tushirish, mediaga qarshi ishonchsizlikni kuchaytirish va raqamli hujumlar orqali bosim o‘tkazishdagi rolini keskin tanqid qilgan.
«RSF» bosh direktori Tibo Bryuttening ta’kidlashicha, ro‘yxatning asosiy maqsadi jurnalistikaga qarshi harakatlarning ortida turgan ishtirokchilarini aniq ko‘rsatish va ularning xatti-harakatlari odatiy holga aylanib qolishining oldini olishdan iborat.





