Logo

«Microsoft»dagi uzilish global biznesni faks va telefonlarga qaytardi

Bugun 12:254 daqiqa

12-noyabr kuni boshlangan global texnik nosozlik «Microsoft»ning asosiy xizmatlarini ishdan chiqardi. Muqobil yechim izlagan yirik birjalar, banklar va davlat idoralari vaqtincha oddiy telefon va fakslardan foydalanishga majbur bo‘ldi.

«Microsoft»dagi uzilish global biznesni faks va telefonlarga qaytardi © Foto: Scott Olson/Getty Images/AFP

12-noyabr kuni «Microsoft» xizmatlarida yuz bergan yirik texnik nosozlik dunyo bo‘ylab biznes va davlat tashkilotlari faoliyatini deyarli falaj qilib qo‘ydi. Kompaniyaning «Outlook» elektron pochtasi, «Teams» muloqot platformasi va «Copilot» sun’iy intellekt yordamchisidagi uzilishlar sababli millionlab foydalanuvchilar xat yubora olmadi, elektron pochta qutisiga kira olmadi va korporativ xizmatlardan uzilib qoldi.

Nosozlik bir necha soat emas, balki bir sutkadan ortiq davom etdi. Oqibatda mijozlar va hamkorlar bilan aloqani ushlab turish maqsadida ayrim kompaniyalar telefonlarga, moliya tashkilotlari esa hatto tasdiqlash operatsiyalarini amalga oshirish uchun faks apparatlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

«Microsoft» dastlab serverlardagi texnik muammolarni bartaraf etishga kirishganini ma’lum qildi. Keyinroq esa xizmatlarni tiklash jarayonida siljishlar kuzatilayotganini xabar qildi.

Muammo qanday boshlandi?

Xizmatlardagi uzilishlar 12-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 (Grinvich bo‘yicha 16:00) atrofida kuzatila boshlagan. Avvaliga foydalanuvchilar faqat «Outlook» pochtasiga kira olmayotganidan shikoyat qilishgan.

Bir soat ichida «Downdetector» portali internet xizmatlaridagi uzilishlar haqida 74 ta mamlakatdan shikoyatlarni qayd etgan. Dastlab muammo faqat Amerika mintaqasiga xos ekanini aytgan «Microsoft» keyinchalik uzilish boshqa hududlarga ham tarqalganini tan oldi.

Nosozlik faqat xat yuborish bilan cheklanib qolmadi. «Microsoft 365» tizimidagi elektron hujjatlar bilan ishlash, taqvim, korporativ muloqot va sun’iy intellekt imkoniyatlari ham ishdan chiqqan. Serverlarni qayta ishga tushirish orqali tizimni barqarorlashtirishga uringan kompaniya dastlabki soatlarda infratuzilmaning barqaror ishlashini ta’minlay olmadi va uzilish 24 soatdan ortiq davom etdi.

Qaysi xizmatlar ishlamay qoldi?

Muammoning o‘zagi «Microsoft»ning bulutli elektron pochta va taqvim infratuzilmasi — «Exchange Online» bilan bog‘liq edi. Ushbu infratuzilma «Outlook» va boshqa korporativ xizmatlar bilan chambarchas bog‘langani sababli uzilish keng qamrovli bo‘ldi:

  • Outlook: Foydalanuvchilar pochta qutisiga kira olmadi, xatlarni yuborish va qabul qilishda uzilishlar bo‘ldi, ayrim xatlar juda kechikib yetkazildi.

  • Microsoft Teams: Elektron pochtaga bog‘langan taqvim, uchrashuvlarni rejalashtirish va ayrim muloqot funksiyalari ishlamay qoldi (garchi barcha imkoniyatlar to‘liq uzilmagan bo‘lsa-da).

  • Microsoft Copilot: Sun’iy intellekt yordamchisining ayrim versiyalari ochilmadi yoki pochta, taqvim va hujjatlarga murojaat qilish imkoniyati cheklandi.

  • SharePoint Online: «Exchange Online» bilan bog‘liq tashqi fayl almashish funksiyalari ishlamadi. Biroq tizimda bevosita saqlangan fayllarga kirish imkoniyati saqlanib qolgan.

  • To Do va Planner: Vazifalarni boshqarishda uzilishlar qayd etildi.

  • Microsoft 365 boshqaruv paneli: Ma’muriy sahifalarni ochishda muammolar paydo bo‘ldi.

Asosiy zarba «Exchange Online» funksiyalariga to‘g‘ri kelgan va bu boshqa o‘zaro bog‘liq xizmatlarga ta’sir ko‘rsatgan.

«Reuters» xabariga ko‘ra, «Downdetector» butun dunyo bo‘yicha 7,4 milliondan ortiq uzilish haqidagi xabarlarni qayd etgan. 13-noyabr tongiga kelib, 72 ta mamlakatdan faqat «Outlook»ning o‘zi bo‘yicha kamida 43 mingta shikoyat tushgani aytilmoqda.

Davlat idoralari qog‘ozga qaytdi

Uzilish nafaqat xususiy sektor, balki davlat idoralari faoliyatini ham qiyinlashtirdi.

Yaponiya hukumatining umumiy IT-infratuzilmasi jabr ko‘rdi. Mamlakatdagi ayrim davlat xizmatchilari ishni davom ettirish uchun vaqtincha qog‘oz hujjatlarga o‘tishga majbur bo‘ldi. Singapurning davlat texnologiya agentligi pochta xizmati ishlamayotganini tasdiqladi.

Filippin Oliy sudi «Microsoft 365» tizimidagi uzilish sababli elektron pochta orqali javob berish jarayonlari to‘xtab qolganini ma’lum qildi. Avstraliyada sudlarning jonli videouzatish tizimlarida muammolar yuzaga keldi, maktablar esa darsga kelmagan o‘quvchilarning ota-onalaridan pochta emas, telefon orqali xabar berishni so‘radi.

Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati bemorlardan shoshilinch murojaatlarni telefon orqali yuborishni so‘ragan bo‘lsa, mahalliy politsiya idoralari jinoyatlar haqidagi onlayn xabarlarni qabul qilishda qiyinchiliklarga duch keldi.

Birjalar telefonga, banklar faksga o‘tdi

Moliyaviy operatsiyalar va korporativ aloqa jarayonlari ushbu uzilishning eng katta qurbonlariga aylandi.

Yevropa fond birjalarini boshqaruvchi «Euronext» listingdagi kompaniyalarga birja vakillari bilan faqat telefon orqali bog‘lanishni tavsiya qildi. Buyuk Britaniyaning «Aviva» sug‘urta kompaniyasi hisobot taqdimoti uchun zaxira rejasiga o‘tgan: mehmonlarga muqobil telefon raqamlari tarqatilgan, ayrim audioyozuvlar esa Bluetooth orqali uzatilgan.

Daniyaning yirik «Maersk» logistika kompaniyasi mijozlaridan shoshilinch masalalarda faqat telefon orqali murojaat qilishni so‘radi. Tayvanda esa qimmatli qog‘ozlar kompaniyalari, sug‘urta va investitsiya fondlari odatda elektron pochta orqali tasdiqlanadigan operatsiyalarni faks orqali amalga oshirishga majbur bo‘ldi.

Nosozlikka nima sabab bo‘ldi?

«Microsoft» hozircha ushbu global uzilishning yakuniy texnik sababini to‘liq tushuntirgani yo‘q.

Dastlabki bayonotlarga ko‘ra, bir qator serverlarning kutilmaganda ishdan chiqishi infratuzilmaga qo‘shimcha yuklama tushishiga olib kelgan.

«Microsoft» hodisani kiberhujum bilan bog‘lovchi hech qanday dalil yo‘qligini rasman bildirgan.

Biznesning raqamli qaramligi savol ostida qoldi

«Microsoft»dagi uzilish jahon iqtisodiyoti bitta yoki ikkita yirik texnologik provayderga qanchalik bog‘lanib qolganini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Sent-Endryus universiteti mutaxassisi Stiven Makkuistonning fikricha, tashqi tomondan alohida mahsulotlardek ko‘rinadigan «Outlook», «Teams» va «Copilot» aslida umumiy infratuzilmaning katta qismidan foydalanadi. Shu sababli bitta komponentdagi nosozlik hammasini bir vaqtda ishdan chiqarishi mumkin.

Mutaxassislar kompaniyalarni barcha muhim jarayonlarni bitta tashqi provayderga topshirib qo‘ymaslikka, asosiy aloqa vositalari uzilganda ishlaydigan muqobil tizimlarni (zaxira rejalarini) doimiy sinab borishga chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid