add

Migratsiya agentligi xorijda vafot etganlarni vatanga qaytarish uchun pul yig‘ayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

Kecha 20:452 daqiqa

Migratsiya agentligi xorijda vafot etgan fuqarolar jasadini qaytarish davlat hisobidan amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Migratsiya agentligi xorijda vafot etganlarni vatanga qaytarish uchun pul yig‘ayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi ijtimoiy tarmoqlarda xorijda vafot etgan fuqarolar jasadlarini yurtga olib kelish uchun pul yig‘ish holatlari ko‘paygani munosabati bilan aholini ehtiyotkorlikka chaqirdi. Agentlik bunday mablag‘ yig‘ishlar qonunga zid ekanini, shu bahonada harakat qilayotgan shaxslar firibgar bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoq sahifalarida turli plastik kartalar orqali xayriya yoki «yordam» sifatida pul o‘tkazishga da’vatlar tarqalmoqda. Bu holatlarda odamlarning his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish, achinish va shoshilinch qaror qabul qilishga undash usullari qo‘llanilmoqda. Ayrim xabarlar esa eski yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, voqelikka mos kelmaydi.

Migratsiya agentligi bunday chaqiriqlarga ishonmaslik, hech qanday pul o‘tkazmaslik lozimligini uqtirdi. Qonuniy va ishonchli yagona yo‘l sifatida fuqarolar va ularning yaqinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri agentlikka murojaat qilish tavsiya etildi. Shu orqali holat tekshirilib, belgilangan tartibda rasmiy yordam ko‘rsatiladi.

Agentlik ma’lum qilishicha, agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda vafot etsa, uning jasadini yurtga olib kelish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bu jarayonda fuqarolar yoki ularning qarindoshlaridan hech qanday to‘lov talab etilmaydi.

Shu kabi vaziyatlarga duch kelinganda yoki shubhali xabarlar aniqlansa, Migratsiya agentligining rasmiy aloqa kanallari orqali murojaat qilish so‘raldi. Xususan, (71) 202−33−55, 1282 qisqa raqami hamda Telegram’dagi @huquqiy_yordam_uzbot orqali huquqiy maslahat olish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid