Mirziyoyev To‘qayevga tarixiy hujjatlarni hadya qildi
Buxoroda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston rahbariga tarixiy ahamiyatga ega noyob arxiv materiallari nusxalarini taqdim etdi.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro viloyati hokimligidagi zamonaviy situatsion markaz faoliyati bilan tanishdi. Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy ishlar muhokama qilindi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur markaz Buxoroning yangi ma’muriy hududida tashkil etilgan bo‘lib, u viloyat boshqaruvining intellektual o‘zagiga aylangan. Dastlabki bosqichda bu yerda hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va boshqa idoralar faoliyati muvofiqlashtirilmoqda.
Markaz orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, investitsiya loyihalari, kommunal xizmatlar, transport infratuzilmasi va jamoat xavfsizligi bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida yig‘ilib, tahlil qilinadi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish va muammolarni barvaqt hal etish imkonini beradi.
Mehmonlarga hududlar kesimida monitoring olib borish, muammoli nuqtalarni aniqlash va ijro intizomini nazorat qilish imkoniyatlari amaliy misollar orqali namoyish etildi. Shuningdek, yetakchilar xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy ish sharoitlari bilan ham tanishdi.
Tarixiy sovg‘a
Tashrifning eng e’tiborli jihatlaridan biri sifatida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallari nusxalari taqdim etildi. Ushbu hujjatlar Xoja Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralariga oid bo‘lib, 1920–1950 yillarga tegishli qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Bu materiallar hali to‘liq ilmiy muomalaga kiritilmagan bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixi va madaniy merosini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Arxiv hujjatlari qardosh xalqlarga hurmat ramzi sifatida Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.
Hamkorlik istiqboli
Uchrashuv davomida raqamli boshqaruv, hududiy rivojlanish va institutsional hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar kelgusida ham shunday amaliy tashriflar va qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari savdo hajmini oshirish, yirik energetik loyihalarni jadallashtirish va transport bog‘liqligini kuchaytirish masalalarini muhokama qilganligi haqida xabar bergan edik.





