
Navoiyda noqonuniy oltin qazib olganlar qo‘lga tushdi
Ular bir necha oy davomida qiymati 15,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan oltinni qazib olgan.

Navoiy viloyatida oltinni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Tezkor tadbirlar natijasida qiymati 15,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan oltin moddasi aniqlanib, gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh 2025 yilning yoz oylaridan boshlab Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Qalqonota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Sarmishsoy tog‘ tizmasida noqonuniy qazish ishlarini yo‘lga qo‘ygan. Ular tegishli ruxsatnomalarsiz yer qa’ri boyliklarini qazib olib, tarkibida oltin bo‘lgan tog‘ jinslarini yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Faoliyat davomida guruh a’zolari sun’iy hovuzlar hamda ag‘darma maydonlarini tashkil etgan. Qazib olingan tog‘ jinslari shu yerning o‘zida to‘planib, keyinchalik o‘zlashtirish maqsadida saqlab kelingan. Bu jarayon bir necha oy davomida yashirin tarzda amalga oshirilgan.
2025 yil oktabr oyida Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, oltin qazuvchilar qo‘lga olingan.
Hodisa joyidan jinoyat alomatlarini tasdiqlovchi qum uyumlari, sun’iy hovuzlar, ag‘darmalar va turli asbob-uskunalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, musodara qilingan tog‘ jinslari tarkibida 9 kilogramm 928 gramm oltin moddasi mavjud bo‘lib, uning umumiy qiymati 15 milliard 551 million 219 ming so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdor deb topilgan shaxslarga katta miqdorda jarima, ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Hozirda uyushgan jinoiy guruh a’zolari, ularning vazifalari hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan qo‘shimcha tezkor-surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.





