Neft narxi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida keskin oshdi
«Brent» nefti narxi yana bir barrel uchun 95 dollardan yuqori savdolanmoqda.
© ShutterstockEronning Isroilga, Isroilning esa Livandagi nishonlarga qarshi yangi hujumlari Yaqin Sharqda aprel o‘rtalaridan buyon amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga tahdid soldi. Bu holat fondida neft narxi keskin oshdi, AQSH aksiyalari fyucherslari esa pasaydi, deb yozmoqda «MarketWatch» va CNBC.
Xususan, 8-iyun kuni savdolar boshlanishida «Brent» neftining avgust oyi uchun fyucherslari oldingi yopilish narxiga nisbatan 3,6 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun 96,47 dollarga yetdi. AQSHning WTI nefti fyucherslari esa eng yuqori nuqtada 3,7 foizga oshib, 93,9 dollargacha ko‘tarildi.
Xabar tayyorlanayotgan vaqtda neft kotirovkalari o‘sish sur’atini biroz sekinlashtirdi: «Brent» 2,64 foizga qimmatlashib, 95,5 dollardan, WTI esa 2,4 foizga oshib, 92,7 dollardan savdo qilinmoqda. Shu bilan birga, AQSH aksiyalari fyucherslari pasaydi. «S&P 500» indeksi bo‘yicha kontraktlar 0,2 foizga tushdi (7-iyun kechqurun AQSH sharqiy vaqti bilan ular 0,4 foizgacha pasaygan edi). «Nasdaq» 100 fyucherslari 0,14 foizga arzonlashdi (ilgari pasayish 0,6 foizga yetgan), «Dow Jones» indeksi fyucherslari ham 0,2 foizga tushdi.
Indekslar
CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta – 5-iyun kuni AQSHning asosiy fond indekslari kunlik minimumlar yaqinida savdolarni yakunlagan. «Nasdaq Composite» indeksi esa 4 foizdan ortiq qulagan bo‘lib, bu 2025-yil aprelidan beri kuzatilgan eng yirik bir kunlik pasayish bo‘ldi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat
Avvalroq Isroil harbiylari Eron mamlakat hududi tomon bir nechta ballistik raketa uchirganini ma’lum qildi. Bu 16-aprelda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri kuzatilgan birinchi shunday hujum bo‘ldi.
Raketa zarbalari Isroil armiyasining yakshanba kuni Livan poytaxti Bayrut atrofida Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» guruhi pozitsiyalariga bergan zarbasidan keyin amalga oshirildi. Isroil harbiylari bu hujumni «Hizbulloh»ning mamlakat shimoliga qilgan otishmalariga javob sifatida izohladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp voqealardan so‘ng Eronni «muzokaralar stoliga qaytish va kelishuvga erishish»ga chaqirdi.
Bundan tashqari, «Reuters» manbasiga ko‘ra, Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qildi. «Axios» muxbirining ma’lum qilishicha, AQSH prezidenti Isroil rahbarini Eronga qarshi javob zarbalaridan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qilgan.
«Times of Israel» nashrining yozishicha, Tramp Isroilning ehtimoliy javob hujumlari AQSH va Eron o‘rtasida deyarli yakunlanish arafasida turgan muzokaralarga putur yetkazishidan xavotir bildirgan.





