
Nogironlarga sharoit yaratilmagan loyihalarga xulosa berish katta miqdorda jarimaga tortiladi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi javobgarlik normalari qabul qilindi.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyiha bo‘limi mavjud bo‘lmagan shaharsozlik hujjatlariga ekspert tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berilsa, BHMning 50 baravaridan 70 baravarigacha jarima solinishi belgilandi. Bu norma O‘RQ–1102-son qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar orqali joriy etildi.
Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mos muhit yaratish talablarini bajarishda mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan. Xususan, shaharsozlik hujjatlarida inklyuziv infratuzilmaga oid alohida loyiha bo‘limi bo‘lishi shart etib belgilanib, ushbu talabni chetlab o‘tib berilgan har qanday ijobiy ekspert xulosasi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boshqarmalari, «Inson» markazlari hamda Ijtimoiy inspeksiya xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ham aniq jarimalar joriy etildi. Bunday holatlarda fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishi nazarda tutildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlamagan mansabdor shaxslar va xizmatchilar ham BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi. Bu normalar ijtimoiy xizmatlar sohasida mas’uliyat va intizomni kuchaytirishga qaratilgan.
Qonunda soliq imtiyozlari ham nazarda tutildi. Jumladan, Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida BHMning 100 baravarigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan pul xayriyalariga daromad solig‘i solinmaydi.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi. Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish maqsadida ma’lumotlarga ishlov berish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi.





