add

Noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

Bugun 21:151472

Prezident ishtirokidagi taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

So‘nggi yillarda O‘zbekistondan Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paydi. Bu haqda bugun, 18-noyabr kuni prezident huzuridagi taqdimotda aytildi.

Yig‘ilishda Yevropada ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Shu sabab bugun, prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakat hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.

Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Qayd etilishicha, «Xorijda ish» platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.

Prezident tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida axborot berilgan.

Migratsiya agentligida fuqarolarga tunu kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi. Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini o‘rnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi.

Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini o‘rganish topshirildi. Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid