Odamlar issiqlik tufayli yiliga 56 soatgacha uyqu yo‘qotmoqda — tadqiqot
Dunyoning ko‘plab hududlarida tropik kechalar soni ortmoqda. Tropik kecha — bu havo harorati tunda ham +20 darajadan pastga tushmaydigan holatdir.
© EuronewsIqlim o‘zgarishi tufayli tungi haroratning ko‘tarilishi odamlarni uyqudan mahrum qilmoqda: o‘rtacha hisobda sayyoradagi har bir kishi yiliga 50 soatdan ortiq uyquni yo‘qotmoqda. Bu haqda «Euronews» yozmoqda.
Dunyoning ko‘plab hududlarida tropik kechalar soni ortmoqda. Tropik kecha — bu havo harorati tunda ham +20 darajadan pastga tushmaydigan holatdir. Bunday issiq kechalar insonning to‘liq dam olishi va sifatli uxlashiga xalaqit beradi. «Climate Central» tashkilotining 2020–2025-yillarni qamrab olgan tadqiqotida dunyoning 1300 dan ortiq shahri tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, deyarli barcha shaharlarda issiq tufayli uyqu yo‘qotilishi 1970-yillarning boshiga nisbatan kamida ikki baravar oshgan. Eng katta uyqu yo‘qotishlari Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida kuzatilgan. Bu hududlarda odamlar yiliga o‘rtacha 55–91 soat kam uxlagan.
1970-yillar boshida aholisi taxminan 500 ming kishi bo‘lgan odatiy shaharda odamlar tungi issiq sabab yiliga o‘rtacha 46 soat uyqu yo‘qotar edi. 2020-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 50 soatga, 2020–2025-yillarda esa 56 soatga yetdi. Tadqiqotga ko‘ra, bu o‘sishning asosiy sabablaridan biri aynan iqlim o‘zgarishi hisoblanadi.
Yevropada qaysi shaharlarda uyqu ko‘proq buzilmoqda?
Issiq kechalar dunyoning deyarli barcha shaharlariga ta’sir qilayotgan bo‘lsa-da, ularning ta’siri hamma joyda bir xil emas. Yevropada eng katta uyqu yo‘qotishlari janubiy hududlarda qayd etilgan. Italiyaning Neapol shahrida aholi yiliga 51 soat uyqudan ayrilgan. Gretsiya poytaxti Afinada 45 soat, Ispaniyaning Valensiya shahrida 42 soat, Portugaliya poytaxti Lissabon va Fransiyaning Marsel shahrida 40 soatdan.
Shimoliy Yevropa mamlakatlarida ham issiq kechalar uyquga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ammo bu ko‘rsatkich nisbatan past.
Shotlandiyaning Edinburg shahrida — 21 soat;
Shvetsiya poytaxti Stokgolm va Finlyandiya poytaxti Xelsinkida — 20 soatdan;
Eng past ko‘rsatkich Norvegiya poytaxti Osloda qayd etilgan — 18 soat.
Sifatli uyqu nega muhim?
Uyqu inson organizmining normal ishlashi uchun juda muhim. Aynan tunda tana tiklanadi, miya dam oladi va organizm o‘zini qayta tiklaydi. Ammo havo harorati pasaymasa, tana yetarli darajada dam ololmaydi va stress holatida qoladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uyquning buzilishi kayfiyatning yomonlashishiga, fikrlash va xotiraning susayishiga, ish unumdorligining pasayishiga va yurak-qon tomir hamda immun tizimi kasalliklari xavfining ortishiga olib keladi.
Yaqinda o‘tkazilgan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, issiq kechalar 65 yoshdan oshgan odamlarda uyquni o‘rta yoshdagilarga qaraganda ikki baravar ko‘proq buzadi. Bundan tashqari, ayollar va allaqachon issiq iqlim sharoitida yashovchi odamlar ham ko‘proq zarar ko‘radi. Olimlarning fikricha, global harorat oshib borishi bilan bu tafovut yanada kuchayishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi barcha hokimliklar obodonlashtirish xodimlarini anomal issiqda ishlatmaslik bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ogohlantirilgandi.





