
Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatiga oluvchi organ aniq bo‘ldi
AOKA tugatilgandan so‘ng, ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazadigan tashkilot noma’lum bo‘lib qolayotgandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilgandi. Shuning uchun, iyul oyidan beri OAVni ro‘yxatga oluvchi vakolatli organning mavjud emasligi tufayli yangi OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtab qolgan edi.
Avvalroq prezidentning 2025 yil 11-dekabrda «Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani haqida xabar bergandik.
Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha vakolatli organ rasman belgilandi. Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi OAVni ro‘yxatga oluvchi organ sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, inspeksiyaga axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish vakolati berildi. Shu bilan birga, OAVlarning qonunchilikka rioya etishini monitoring qilish va nazorat qilish ham uning asosiy vazifalari sifatida belgilab qo‘yildi.





