Logo

Oshadigan yo‘lkira, talabalar maoshining yarmini to‘laydigan davlat va fermerlar uchun 5 millionlik mukofot — 28-sentabr dayjesti

Kecha 22:264 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Oshadigan yo‘lkira, talabalar maoshining yarmini to‘laydigan davlat va fermerlar uchun 5 millionlik mukofot — 28-sentabr dayjesti

Talabalar maoshining 50 foizini davlat qoplab berishi mumkin

O‘zbekistonda oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni rivojlantirishning yangi iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, talabalarni amaliyotga qabul qilib, ularga maosh to‘lagan korxonalar xarajatining 50 foizi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi. Shuningdek, biznes vakillariga bojxona va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar taqdim etilishi, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga esa davlat xaridlarida preferensiyalar berilishi taklif qilinmoqda.

Germaniya tajribasi asosida joriy etilayotgan mazkur tizimni amaliyotga tatbiq qilish uchun hudud hokimlariga biriktirilgan rektorlar tomonidan aniq strategiya ishlab chiqiladi. Asosiy maqsad — 3 va 4-bosqich talabalarining kamida 80 foizini, ya’ni 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olishdan iborat bo‘lib, barcha jarayonlar inson omilini kamaytirish maqsadida faqat raqamli platforma orqali amalga oshiriladi.

«Ustoz» agroklaster yoki fermer xo‘jaliklariga har bir «shogird» uchun 5 mln so‘mdan mukofot puli beriladi

Hukumatning 24-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha «ustoz-shogird» tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, paxtadan gektariga 50–60 sentnerdan yuqori hosil oluvchi ilg‘or agroklaster va fermer xo‘jaliklariga hosildorligi 30 sentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha xo‘jalik «shogird» sifatida biriktiriladi. Yil yakunida «shogird» gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil yetishtirsa, «ustoz»ga har bir muvaffaqiyatli «shogird» uchun 5 million so‘mdan mukofot to‘lanadi. Bu jarayonlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Raqamli qishloq xo‘jaligi» platformasi orqali nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, mazkur qaror doirasida agrar sohadagi oliygohlarning 2 va 3-bosqich talabalari uchun «yangi agronom» tayyorlash tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov asosida saralab olingan talabalar maxsus o‘qish amaliyotini o‘taydi hamda jarayonni a’lo baholar bilan tamomlagan yosh mutaxassislar ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida xorijiy davlatlarga yuboriladi.

Toshkentda oktabrdan jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshiriladi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-oktabrdan boshlab poytaxt jamoat transportida elektron to‘lovlar (karta va onlayn) orqali yo‘l haqi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshiriladi, naqd to‘lov esa 3000 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoladi. Shu bilan birga, ATTO kartalari uchun 60 daqiqalik tariflar saqlanib qoladi: bir soat ichida ikkinchi avtobusga o‘tish 1500 so‘m, uchinchi va to‘rtinchi qatnovlar esa bepul bo‘ladi (metrodan ikkinchi marta foydalanilganda 60 daqiqalik hisob yangitdan boshlanadi).

Shuningdek, transport kartalarining avtobus uchun 1 kunlik tarifi 11 500 so‘m, 30 kunlik tarifi 250 ming so‘m, metro uchun esa mos ravishda 13 500 so‘m va 345 ming so‘m etib belgilandi. Talabalar, o‘quvchilar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 50 foizlik chegirma hamda yo‘lovchi bagajini tashish uchun 4 000 so‘mlik tarif tasdiqlandi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-sentabridan boshlab yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan to‘lovni amalga oshirishi shart, to‘lov qilinmagan holatda ular chiptasiz harakatlanayotgan hisoblanib, jarimaga tortilishi mumkin.

Markaziy bank 2030 yilgacha Fintech texnologiyalarini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi

O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Fintech texnologiyalarini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi. Uning asosiy maqsadi 2030 yilga borib mamlakatni Markaziy Osiyodagi eng jozibador fintex yurisdiksiyasi va mintaqaviy markazga aylantirishdan iborat. Strategiya uch bosqichda amalga oshiriladi: 2026–2027 yillarda bazaviy infratuzilmani shakllantirish, 2028–2029 yillarda Open Banking (ochiq bank) va raqamli identifikatsiya tizimlarini ishga tushirish, 2030 yilda esa mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Ushbu davrda sohaga 1 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish hamda har yili 20–30 ta startapni xorijiy bozorlarga olib chiqish rejalashtirilgan.

Yangi strategiya doirasida Markaziy bankning ulgurji raqamli valutasini (wCBDC) joriy etish orqali transchegaraviy to‘lovlarni soddalashtirish, shuningdek, aktivlarni tokenizatsiya qilish va moliyaviy jinoyatlarni aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanish pilot loyihalari ishga tushiriladi. Shu bilan birga, butun moliya sektorida firibgarlikka qarshi muvofiqlashtirilgan tizim yaratish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda O‘zbekistonda aholining 94 foizi internetdan, 72 foizi esa raqamli to‘lovlardan faol foydalanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid