O‘zbekiston–AQSH savdosi bir yilda 25 foizga oshdi

AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ikki davlat orasidagi tovar aylanmasi keyingi yillarda ham o‘sishiga ishonmoqda.

O‘zbekiston–AQSH savdosi bir yilda 25 foizga oshdi © Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi

So‘nggi bir yil ichida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 25 foizga oshdi. Bu haqda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor «Missiya» dasturiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

«Imkoniyatlarimiz juda katta. Prezidentlarimiz tomonidan olib borilayotgan yetakchilik haqiqatan ham yuksak darajada. Ular kengash faoliyatiga juda faol qiziqish bildirmoqda. Shuning uchun ham bu ustuvor yo‘nalish. Ulkan imkoniyatlar ochilmoqda. Bu xuddi chap va o‘ng qo‘lning uyg‘un ishlashiga o‘xshaydi. Saida Mirziyoyevaning ham hissasi katta. Hamma harakatlar sezilarli natijalar bermoqda. Faqat so‘nggi bir yil ichida O‘zbekiston bilan tovar aylanmamiz 25 foizga oshdi. Biz bu o‘sishni kelgusi yilda va keyin ham davom ettirishga umid qilamiz. Ishonamizki, yanada ko‘proq Amerika kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga va uning tashqarisidagi imkoniyatlariga qiziqish bildiradi», – dedi Gor.

2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 1,7 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shuning 32,1 mln dollari AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Yillar kesimida qaralsa, ikki davlat orasidagi savdo aylanmasi 2023-yilda 765,1 mln dollar, 2024-yilda 1 mlrd 24,9 mln dollar, 2025-yilda esa 1 mlrd 203,7 mln dollarni tashkil etgan. 2025-yilda 712,3 mln dollarlik tovar va xizmatlar AQSHdan import qilingan.

Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi

6-aprel kuni Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash hamraislari – O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi.

«Ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanishi shubhasiz. Bunga mamlakatlarimiz prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi mustahkam zamin yaratmoqda», – deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining «Telegram»-kanalida.

Serjio Gor «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu kengashning ishga tushirilishi «tijorat diplomatiyasi tufayli so‘nggi bir necha oy ichida sheriklikda erishilgan aql bovar qilmas yutuqlarning yuqori nuqtasi» ekanini ta’kidladi.

Kengashni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 4−6-noyabr kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan edi. Kengash tuzilishining maqsadlari sifatida O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi «o‘zaro manfaatli savdo-investitsiya va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash», shuningdek, «ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu yo‘nalishda samarali ishlarni tashkil etish» ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid