Logo

O‘zbekiston mol go‘shtining asosiy qismini Hindistondan sotib olmoqda

Bugun 16:492 daqiqa

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakat 12 ta davlatdan umumiy qiymati 597,7 mln dollarlik 132 ming tonna mol go‘shti import qildi.

O‘zbekiston mol go‘shtining asosiy qismini Hindistondan sotib olmoqda

O‘zbekiston mol go‘shti importining 42 foizini Hindistondan olmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 12 ta davlatdan umumiy qiymati 597,7 mln dollarlik 132 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,9 ming tonna yoki 17,7 foizga oshgan.

Mol go‘shtining eng yirik yetkazib beruvchisi Hindiston bo‘lib, ushbu davlatdan 55,9 ming tonna (importning qariyb 42,3 foizi) mahsulot olib kirilgan. Keyingi o‘rinlarni Belarus (31,9 ming tonna yoki 24,2 foiz) va Qozog‘iston (31,7 ming tonna yoki 24 foiz) egalladi. Shuningdek, Pokistondan 5,4 ming tonna, boshqa davlatlardan esa jami 7,1 ming tonna mol go‘shti import qilingan.

Narxlar va ichki bozor prognozi

Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida sovutilgan mol go‘shtining o‘rtacha import narxi bir tonna uchun 4574 dollarni (54,9 mln so‘m), muzlatilgan go‘shtniki esa 4493 dollarni (53,9 mln so‘m) tashkil etgan. 2020-yilga nisbatan sovutilgan mol go‘shti import narxi 36,9 foizga, muzlatilgan go‘shtniki esa 40,3 foizga oshgan.

Markaz tahliliga ko‘ra, mamlakatda mol go‘shtiga yillik ehtiyoj o‘rtacha 1,3 mln tonnani tashkil etadi. Uning 92,5 foizi mahalliy ishlab chiqarish, 7,5 foizi esa import hisobidan qoplanadi. So‘nggi besh yilda mol go‘shti importi 7,2 baravarga oshgan.

Ichki bozorda 2026-yil sentabr oyida mol go‘shti narxi bir oyda 1,7 foizga, yillik hisobda esa 16,2 foizga oshgan. Markazning ekonometrik prognoziga ko‘ra, ichki va tashqi bozorda keskin o‘zgarishlar yuz bermasa, 2026 yil dekabrida bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 130 ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid