Logo

O‘zbekiston mundialdan qancha pul oladi? Pullik avtoturargohlar narxi qaysi tashkilot tomonidan belgilanmoqda? Turdimov qabuliga kelgan fuqaroni kredit bo‘yicha ogohlantirdi-hafta dayjesti

Bugun 20:006 daqiqa

O‘tayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng muhim va jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarni Vaqt.uz yana bir bor yodga soladi.

Qarshidagi portlash: 6 kishi halok bo‘ldi

Ortda qolayotgan hafta Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida sodir bo‘lgan ayanchli hodisa bilan ham yodda qoldi. 8-iyun kuni maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yuz bergan kuchli portlash oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘ldi, yana 5 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari voqea joyiga tezkor yetib borib, yong‘inni qisqa vaqt ichida lokallashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida bir nechta transport vositalari hamda yoqilg‘i saqlash rezervuarlariga zarar yetgan.

Fojia sabablarini o‘rganish va oqibatlarni bartaraf etish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiyaga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, hodisa sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha choralar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

AQSHda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari tekshiruvdan o‘tkazildi

O‘tgan hafta AQSHda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va murabbiylari qat’iy xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazildi va holat aks etgan video tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan Vaqt.uz'ga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, futbolchilar va delegatsiya a’zolari metallodetektor orqali tekshiruvdan o‘tkazilgan, shu bilan birga xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘shimcha nazorat choralari qo‘llanilgan. Bu holatga munosabat bildirgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarining tegishli idoralaridan rasmiy izoh so‘ragan.

Vazirlik tomonidan bildirilishicha, har qanday xavfsizlik choralari ichki qoidalar doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lsa-da, bunday jarayonlar xalqaro sport tadbirlarining ruhiga, jumladan o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarga putur yetkazmasligi kerakligi ta’kidlangan. Hozircha AQSH tomonidan holat yuzasidan rasmiy tushuntirish berilmagan.

O‘zbekiston mundialdan qancha pul ishlab oladi?

O‘tgan hafta futbol jamoatchiligida keng muhokama qilingan mavzulardan biri O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishi orqali oladigan moliyaviy mukofotlari bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA tomonidan jamoaga turnirda ishtirok etish uchun kamida 10,5 million dollar ajratiladi.

Ushbu summaning 9 million dollari guruh bosqichida ishtirok uchun, 1,5 million dollari esa tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan. Agar terma jamoa guruh bosqichidan chiqib, pley-offga yo‘l olsa, umumiy mukofot miqdori yanada ortishi mumkin.

Xususan, 1/8 finalga chiqish holatida umumiy tushum 15 million dollarga yetishi, tayyorgarlik uchun ajratilgan mablag‘lar bilan birga 16,5 million dollargacha oshishi mumkin. Shu tariqa, Jahon chempionati O‘zbekiston futbol jamoasi uchun nafaqat tarixiy yutuq, balki yirik moliyaviy imkoniyat ham hisoblanadi.

Erkinjon Turdimov: «Kredit olsangiz, ko‘chada qolishga tayyor bo‘ling»

«Kredit olsangiz, ko‘chada qolishga tayyor bo‘ling». O‘tgan hafta Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning aholi qabulida aytgan shu gapi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Viloyat hokimi tomorqa yeriga suv chiqarish uchun 120 million so‘m kredit olishda yordam so‘ragan fuqaro murojaatiga munosabat bildirib, kredit mablag‘larini qaytarish majburiyati va uning ehtimoliy oqibatlari haqida ogohlantirdi.

Turdimovning ta’kidlashicha, kredit ayrim holatlarda fuqarolar uchun og‘ir moliyaviy yukka aylanishi mumkin. Shu bois u murojaatchini qarz olishdan qaytarib, muammoni mahalliy hokimlik ko‘magida hal qilish taklifini berdi.

IIO xodimiga bo‘ysunmagan haydovchi qurol bilan to‘xtatildi 

Yakunlanayotgan haftada Toshkent shahrida yo‘l harakati bilan bog‘liq shov-shuvli hodisalardan biri qayd etildi. 11-iyun kuni kechqurun Cobalt rusumidagi avtomobil haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda harakatlanib, atrofdagilar hayoti va xavfsizligini xavf ostiga qo‘ydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan hamda yo‘ldagi bir nechta transport vositalariga texnik shikast yetkazgan. Voqea davomida uning harakatlari boshqa fuqarolar uchun ham jiddiy xavf tug‘dirgan.

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tabel qurolidan foydalanilib, ogohlantirishdan so‘ng avtomobil g‘ildiragiga o‘q uzish orqali transport vositasi to‘xtatilgan. Shu tariqa haydovchining keyingi noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

“Poytaxt Parking”

Toshkentda joriy etilayotgan pullik avtoturargohlar atrofidagi muhokamalar kuchayib borayotgan bir paytda, tariflar kim tomonidan belgilangani haqidagi masala ham aniqlashtirildi. Poytaxt Parking rahbari Jahongir Toshpo‘latovga ko‘ra, avtoturargohlar uchun amaldagi narxlar xususiy operator tomonidan emas, balki shahar hokimligi qarori bilan tasdiqlangan.

Uning aytishicha, shahar markazidagi pullik avtoturargohlar uchun belgilangan 12 ming so‘mlik tarif ham Toshkent shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan qaror asosida amal qilmoqda. Operator esa faqat texnik ijrochi sifatida tizimni boshqarish bilan shug‘ullanadi.

Shu bilan birga, “Poytaxt Parking” rahbari Toshkentdagi narxlarni qo‘shni davlatlar poytaxtlari bilan taqqoslash to‘liq manzarani bermasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda parkovka tariflari yillar davomida o‘zgarmagan va tizim boshqaruvi ham turlicha yo‘lga qo‘yilgan.

Operator tomonidan tushumlarning taqsimoti bo‘yicha ham izoh berilib, u davlat va shahar tizimiga turli to‘lovlar amalga oshirilishini, asosiy moliyaviy oqim esa mahalliy hokimlik tasarrufiga o‘tishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, loyiha hozirgi bosqichda zarar bilan ishlayotgani ham qayd etildi.]

Moddiy yordam pullarining 75 foizi ishlatilmagan

O‘tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bandlik dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishda jiddiy kamchiliklar borligi aytildi. Deputat Sayyora Imomova ma’lum qilishicha, ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam uchun ajratilgan mablag‘larning 75 foizi ishlatilmay qolgan.

Shuningdek, subsidiyalar bo‘yicha rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar ham bajarilmagani, jumladan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish rejasi to‘liq amalga oshmagani qayd etildi.

Bandlik vazirligi esa bir qator subsidiya turlari bekor qilinib, ular o‘rniga yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etilganini bildirib, mablag‘lar tuzilmasi o‘zgargani bilan izoh berdi. Biroq deputatlar bu tushuntirishni yetarli deb topmadi.

Andijondagi poliklinikada fojia: 4 kishi vafot etdi

O‘tgan hafta Andijon viloyatida o‘limga sabab bo‘lgan og‘ir fojia Marhamat tumanida qayd etildi. Markaziy poliklinika hududida chiqindi suvlar to‘planadigan nasos bunkerini tozalash jarayonida 4 nafar xodim gazdan zaharlanib halok bo‘ldi.

Dastlab 57 yoshli santexnik bunker ichida zaharlangan. Uni qutqarishga uringan qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham ichiga tushib, zaharlanish oqibatida vafot etgan. Hodisa joyida 4 nafarning jasadi chiqarib olingani FVV tomonidan tasdiqlandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida o‘limga mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish sabab bo‘lgani ehtimol qilinayotgani bildirilmoqda. Hozirda ekspertizalar tayinlangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Bibisara Asaubayeva To‘qayevga Sport vazirligi ustidan shikoyat qildi

O‘tgan hafta Qozog‘iston sport jamoatchiligida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealardan biri taniqli shaxmatchi Bibisara Asaubayevaning mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga yo‘llagan murojaati bo‘ldi. Dunyo reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan sportchi shaxmat sohasidagi moliyalashtirish va davlat qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq muammolarni ochiq tilga oldi.

Asaubayevaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlariga qaramay, uning oylik maoshi uch baravar qisqartirilgan, yirik turnirlarga tayyorgarlik uchun ajratilayotgan mablag‘lar esa yetarli bo‘lmagan. Shuningdek, u ba’zi va’da qilingan moliyaviy yordamlar to‘liq berilmaganini ham qayd etdi.

Shaxmatchining murojaatidan keyin Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi rasmiy izoh berib, uning xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi uchun so‘nggi uch yil davomida katta miqdorda mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi. Vazirlik, shuningdek, davlat rahbari tomonidan sportchining yutuqlari yuqori baholanganini va uni mukofotlash haqida tegishli farmon imzolanganini eslatdi.

Xabaringiz bor, co‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Bibisara Asaubayeva va Javohir Sindorov bir qator shaxmat musobaqalari va tadbirlarda bir vaqtda ishtirok etgani, shuningdek, ulapning umumiy surat va videolar tarqalgani sababli turli muhokamalar paydo bo‘lgan edi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 51

Barchasi

Mavzuga oid