add

O‘zbekiston noyabrda oltin xaridi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi

Kecha 08:332 daqiqa

Noyabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki 10 tonna oltin xarid qilib, dunyodagi eng yirik uchta xaridor qatoriga kirdi.

O‘zbekiston noyabrda oltin xaridi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi

Noyabr oyida O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha jahondagi eng faol davlatlardan biriga aylandi. Bu haqda «World Gold Council» hisobotida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, oy davomida markaziy banklar tomonidan jami 45 tonna sof oltin xarid qilingan.

Xalqaro valuta jamg‘armasi va ochiq manbalar ma’lumotlariga tayangan holda, rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari oltinga bo‘lgan barqaror talabni saqlab qolgani qayd etilgan. Eng yirik xaridor sifatida Polsha Markaziy banki 12 tonna oltin sotib olgan.

Ikkinchi o‘rinda Braziliya (11 tonna), uchinchi o‘rinda esa O‘zbekiston (10 tonna) qayd etilgan. Qozog‘iston 8 tonna oltin xarid qilgan. Shuningdek, Chexiya, Xitoy va Indoneziya ham kichik hajmlarda oltin zaxiralarini oshirgan.

Shu bilan birga, noyabr oyida oltin sotgan davlatlar soni juda kam bo‘lgan. Faqat Iordaniya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) markaziy banklari sof sotuvchi sifatida qayd etilgan.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston oltin sotuvi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda qolmoqda. Bu ko‘rsatkichda mamlakat Singapur va Rossiyadan keyin joylashgan. Asosiy xaridor davlatlar sifatida Polsha, Qozog‘iston va Braziliya ko‘rsatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida O‘zbekiston oltin eksportni to‘liq to‘xtatgan. Bu 2025 yilda Markaziy bank oltin sotmagan to‘rtinchi oy bo‘ldi. Yilning 11 oyi davomida oltin eksporti 9,9 mlrd dollardan oshib, yillik hisobda 49,4 foizga o‘sgan.

1-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro oltin-valuta zaxiralari 61,23 mlrd dollarga yetgan. Oltin zaxirasi esa tarixiy maksimumni yangilab, 50,85 mlrd dollarni tashkil etgan.

Avvalroq oltin narxi 2026 yil oxirigacha har unsiyasiga 4800 dollarga yetishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid