
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari oshishda davom etmoqda
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi va hajmining o‘sishi hisobiga mamlakat oltin-valuta zaxiralari bugungacha kuzatilmagan darajada oshib, yangi rekord qayd etdi.

2025 yil 1-dekabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 61,23 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarda keltirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2013 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, noyabr oyining o‘zida zaxiralar 1,9 milliard dollarga oshgan. Yil boshidan buyon esa umumiy o‘sish qariyb 20 milliard dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, zaxiralar o‘sishining asosiy omillari sifatida xalqaro bozorlarda oltin narxining ko‘tarilishi va uning fizik hajmi oshgani qayd etilmoqda. Oltin zaxiralari noyabr oyida 310 ming troya unsiyaga, ya’ni 9,64 tonnaga ko‘payib, 12,23 million unsiya yoki 380,4 tonnaga yetdi. Shunga qaramay, yil boshidan beri umumiy fizik hajm 2,1 tonnaga qisqargan.
Oltin zaxiralarining qiymati joriy oyda yana 3 milliard dollarga oshib, 50,86 milliard dollarga yetdi. Bu ham tarixdagi eng yuqori qiymat sifatida qayd etilmoqda. Shu bilan birga, zaxiralarning valuta qismi 1,1 milliard dollarga kamayib, 9,8 milliard dollarni tashkil qildi.
Qimmatli qog‘ozlarga joylashtirilgan mablag‘ hajmi ham o‘sishni qayd etdi. Bir oy ichida bu yo‘nalishdagi aktivlar 503,3 million dollarga ko‘payib, 1,53 milliard dollarga yetdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil 1-noyabrda mamlakat oltin-valuta zaxiralari qiymati ilk bor 59,3 milliard dollardan oshgan edi. Bu davrda O‘zbekiston oltin eksporti ham rekord darajaga chiqqandi.





