
O‘zbekiston «Qambarota-1» GES qurilishini moliyalashtiradi
2026 yildan boshlab «Qambarota-1» GES qurilishi Qirg‘iziston (34 foiz), O‘zbekiston va Qozog‘iston (33 foizdan) tomonidan moliyalashtiriladi.

«Qambarota-1» gidroelektr stansiyasi qurilishi Qirg‘iziston tomonidan 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan esa 33 foizdan moliyalashtiriladi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligiga tayanib, 24.kg nashri xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev bilan uchrashuvda suv-energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish ahamiyatini qayd etgan edi.
«Mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yilda Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirishni boshlaymiz», degan Mirziyoyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Qambarota-1» GES qurilishi uchun 4,2 milliard dollar sarflanishi kutilmoqda. Xalqaro moliya institutlari tomonidan shakllantirilgan umumiy moliyalashtirish portfeli 5,6 milliard dollarni tashkil etgan.
Loyihada ishtirok etuvchi davlatlar ulushi Qirg‘iziston uchun 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun esa 33 foizdan to‘g‘ri keladi. Elektr energiyasi har bir mamlakatga ushbu ulushlardan kelib chiqib taqsimlanadi, zaruratga qarab bozor sharoitlari asosida tannarx qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Prezident Mirziyoyev uchrashuvda Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev hamda BAA, Turkiya va Ozarbayjon energetika kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonga yirik investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirgan, deb yozmoqda 24.kg.
Loyiha amalga oshirilishi Markaziy Osiyoda qo‘shma energetika tashabbuslarini kengaytirish va mintaqaning uzoq muddatli energetik barqarorligini mustahkamlashda muhim qadam sifatida baholanmoqda.





