O‘zbekiston Qurbon hayiti arafasida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi
Qurbon hayiti arafasida O‘zbekiston seldan jabrlangan afg‘on aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun navbatdagi insonparvarlik yordamini yetkazdi.

25-may kuni O‘zbekistondan 200 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan yuklar Afg‘onistonning Balx viloyatiga yetkazildi.
Ma’lum qilinishicha, insonparvarlik yordami O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan amalga oshirilgan. Tashabbus o‘zbek xalqining bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash an’analari ramzi sifatida hamda sel-suv toshqinlaridan jabrlangan aholiga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan.
Yordam yuklarini topshirish marosimi Hayraton shahridagi «Astras» kompaniyasi hududida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris va ikki mamlakat rasmiylari qatnashdi.
Yuborilgan mahsulotlar
Insonparvarlik yuki tarkibiga aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. Ular orasida un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, no‘xat hamda tez tayyorlanadigan oziq-ovqatlar bor.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tashabbuslarini muntazam davom ettirib kelmoqda. Bu hamkorlik qo‘shni davlat aholisi uchun oziq-ovqat, tibbiy va boshqa zarur yordamlarni qamrab oladi.
Avvalroq O‘zbekiston Eronga 15 ta yuk mashinasiga ortilgan farmatsevtika va tibbiy buyumlar ortilgan ikkinchi gumanitar yordam karvonini yuborgan edi.





