
O‘zbekiston startap ekotizimi qiymati 3,9 mlrd dollarga yetdi
2026-yilda O‘zbekistonda 5G joriy etiladi, startaplar soni oshadi va sun’iy intellekt uchun super komputer ishga tushadi. Grantlar, soliq imtiyozlari va to‘liq raqamlashtirish orqali startap ekotizimini keskin kengaytirish rejalashtirilmoqda.

20-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda startap va venchur ekotizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdim etildi.
Xalqaro ekspertlar tadqiqotlariga asosan, 2024–2025 yillarda O‘zbekiston startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 mlrd AQSH dollariga yetgan. Mamlakatdagi startaplar soni 750 tadan oshgan, 15 ta venchur fondi faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 mln dollardan ziyod. O‘zbekiston dunyoda ikkinchi eng tez o‘suvchi startap ekotizimi, Markaziy Osiyoda esa yetakchi sifatida e’tirof etilmoqda.
Venchur investitsiya hajmi oshiriladi
Taqdimotda 2030 yilgacha startaplar sonini 5 mingtaga, tashqi bozorga chiqqan startaplarni 200 taga, venchur investitsiya hajmini esa 2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgani aytildi. Bu maqsadlarga erishish uchun xalqaro tajribaga asoslangan to‘rt bosqichli qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
G‘oyalar, ishlab chiqish, ishga tushirish va ko‘lamlashtirish bosqichlarida startaplarga grantlar, soliq imtiyozlari, hammoliyalash mexanizmlari hamda eksport xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, davlat xizmatlarini raqamlashtirish jadallashtiriladi: elektron xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi, MyGov.uz ilovasi funksionali kengaytiriladi, 50 dan ortiq xizmatga sun’iy intellekt joriy etiladi.
Xulosa va bekgraund
Raqamlashtirish doirasida biznes ochish, YTT xodimlarini hisobga olish, bank kartalari rasmiylashtirish, SIM-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlari to‘liq raqamli shaklga o‘tkaziladi. Shuningdek, Yagona aholi reyestri yaratilishi rejalashtirilgan.
Sun’iy intellekt infratuzilmasi bo‘yicha ham muhim qadamlar qo‘yilmoqda: kichik superkompyuter ishga tushirildi, yirik superkompyuterni xarid qilish ishlari davom etmoqda. Loyiha doirasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida SI laboratoriyalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksiz saqlash masalalari alohida qayd etildi.
Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi samaradorligi va aholi hayot sifatiga bevosita ta’sir qilishini ta’kidlab, belgilangan vazifalarni ijro etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.





