«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ'ning sof foydasi 2 barobarga oshdi

Bugun 13:552 daqiqa

1-fevraldan yuqori tezlikda harakatlanuvchi va uzoq masofaga xizmat ko‘rsatuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdi hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari uchun chipta narxi o‘rtacha 15 foizga oshirilgan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ'ning sof foydasi 2 barobarga oshdi © vaqt.uz

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati 2026 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrda 479 mlrd so‘m sof foyda olgan.

Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 251 mlrd so‘mga yoki 2,1 barobarga ko‘paygan. Kompaniya foydasi o‘sishiga asosiy omil sifatida daromad hajmining ortishi va xarajatlarni qisqartirish ta’sir ko‘rsatgan.

Daromad hajmining ortishi
Xususan, asosiy faoliyatdan tushgan daromad 836 mlrd so‘mga oshib, 4 trln 761 mlrd so‘mga yetgan. Daromad tarkibida tannarx ulushi 68,5 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu 3 trln 263 mlrd so‘mga teng.

O‘tgan yilning mos davrida esa tannarx ulushi 73,6 foiz bo‘lgan. Bu kompaniya xarajat samaradorligini oshirishga erishganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, operatsion xarajatlar ham qisqargan. 2026 yil birinchi choragida mazkur ko‘rsatkich 536 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning shu davrida 637 mlrd so‘m bo‘lgan.

Davlat budjetiga to‘langan soliq

Kompaniyaning davlat budjetiga to‘lagan daromad solig‘i ham oshgan. Joriy yilning birinchi choragida 158 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘langan. O‘tgan yilning mos davrida bu raqam 104 mlrd so‘m edi.


Kompaniya aktivlari

Balans ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya aktivlari 1,55 trln so‘mga ko‘payib, 47 trln 996 mlrd so‘mga yetgan. Bunda majburiyatlarning 1,07 trln so‘mga o‘sishi asosiy omil bo‘lgan. Shu bilan birga, kompaniyaning 10,4 trln so‘mlik zaxira kapitali va 4,3 trln so‘mlik ustav kapitali o‘zgarishsiz qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda bir qator mahalliy yo‘lovchi poyezdlari biletlari narxi oshirilgan edi. «Afrosiyob» elektropoyezdi hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari uchun biletlar narxi o‘rtacha 15 foizga oshirilgan.

Kompaniya izoh, berishicha, tariflar oshirilishi yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar xaridi, elektr energiyasi hamda ekspluatatsiya xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq. Shuningdek, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash, xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni saqlab qolish va infratuzilmani muntazam modernizatsiya qilish zarurati ham inobatga olingan.

Teglar

Mavzuga oid