O‘zbekiston «Yangi taraqqiyot banki» aksiyadorlari qatoriga qo‘shilishi mumkin

Bugun 11:252 daqiqa

2025 yilning 9-iyunida Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi taraqqiyot banki» prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuvda O‘zbekistonning bankka a’zo bo‘lishi, hamkorlikdagi 5 mlrd dollarlik loyihalar va ustuvor sohalardagi sheriklik masalalarini muhokama qilgan edi.

O‘zbekiston «Yangi taraqqiyot banki» aksiyadorlari qatoriga qo‘shilishi mumkin © ndb.int

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov O‘zbekiston «Yangi taraqqiyot banki» aksiyadorlari safiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri sifatida ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bank kapital bazasini mustahkamlash va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangi ishtirokchilarni jalb etish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda TACC agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Siluanov Kolumbiya va Efiopiya bilan bir qatorda O‘zbekistonning ham bankka qo‘shilishi moliyaviy institut faoliyatiga sifat jihatidan muhim hissa qo‘shishini ta’kidlagan. Uning fikricha, yangi a’zolarning jalb etilishi «Yangi taraqqiyot banki»ning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish salohiyatini oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil aprel oyida O‘zbekistonning mazkur bankda ishtirok etishi masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ham muhokama qilingan edi. O‘shanda deputatlar mamlakatning bankni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishiga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqqan.

Hujjat O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, ochiqlik siyosati va investitsiyalarni jalb qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Mamlakat bankka a’zo bo‘lgan taqdirda, xalqaro investitsiya resurslaridan kengroq foydalanish hamda infratuzilma va iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, «Yangi taraqqiyot banki»ga qo‘shilish O‘zbekistonning xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligini kuchaytirishi va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yangi manbalar ochishi mumkin.

Shu bilan birga, bu qadam mamlakatning xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlaridagi ishtirokini ham kengaytirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid