
O‘zbekistonda 4 yilda xalqaro internetga ulanish quvvati 5 000 Gbit/sekundga yetadi
O‘zbekistonda raqamli infratuzilma kuchaytirilib, internet tezligi va IT eksporti bir necha barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston 2030 yilga qadar xalqaro internetga ulanish o‘tkazish quvvatini 5 000 Gbit/sekundga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu rejalar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida belgilanib, raqamli infratuzilma va IT sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yilda 4 500 Gbit/s bo‘lgan xalqaro internet quvvati keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshiriladi. Shu bilan birga, optik tolali liniyalar va keng polosali ma’lumot uzatish tarmoqlari bilan qamrov 98,2 foizdan 99,9 foizgacha kengaytiriladi. Bu internet sifatini yaxshilash va barqaror aloqani ta’minlashga xizmat qiladi.
Past tezlikka ega internet tarif rejalari ham yangilanadi. Ularning o‘tkazish tezligi o‘n baravarga oshirilib, 2026 yildagi 13 Mbit/s ko‘rsatkich 2030 yilga kelib 20 Mbit/s’ga yetkaziladi. Bu aholi va biznes uchun raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Strategiya telekommunikatsiya sohasida yillik o‘sish sur’atini 9,2 foizdan 15 foizgacha oshirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi 87 balldan 94 ballga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Raqamli xizmatlar eksporti 2026 yildagi 1 milliard dollardan 2030 yilga kelib 5 milliard dollargacha oshiriladi. Bu jarayonda IT-park asosiy drayver sifatida belgilangan. Uning rezidentlari soni 3,5 mingtadan 7,5 mingtagacha ko‘payib, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 1,5 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash orqali 2027 yilda ilk milliy «yunikorn» kompaniyani yaratish, 2030 yilgacha esa 2 mingdan ortiq startapni rivojlantirish rejalashtirilgan.





