Logo

O‘zbekistonda «Bayram kunlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Kecha 22:353 daqiqa

Hujjatda 9 ta umumxalq va 23 ta kasb bayrami sanalari keltirilgan.

O‘zbekistonda «Bayram kunlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekistonda umumxalq, kasb, muhim va xalqaro sanalarga oid bayramlarni belgilash, tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini yagona qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Bayram kunlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat muhokamalar portaliga joylashtirilgan bo‘lib, jarayon joriy yilning 20-oktabridan 4-noyabriga qadar davom etadi.

Loyihaga ko‘ra, bayramlar to‘rt asosiy turga: umumxalq bayramlari, kasb bayramlari, muhim sanalarga bag‘ishlangan bayramlar hamda xalqaro sanalarga oid bayramlarga ajratilgan.

Umumxalq va kasb bayramlari qonun bilan, muhim sanalarga oid bayramlar Prezident farmonlari va qarorlari bilan belgilanadi. O‘zbekistonda nishonlanadigan xalqaro sanalarga oid bayramlarni esa Vazirlar Mahkamasi belgilab berishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, quyidagilar umumxalq bayram kunlari hisoblanadi:

— 1-yanvar — Yangi yil;
— 8-mart — Xotin-qizlar kuni;
— 21-mart — Navro‘z bayrami;
— 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
— 1-sentabr — Mustaqillik kuni;
— 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
— 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
— Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
— Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.Ushbu kunlar ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanadi.

Shuningdek, quyidagilar kasb bayram kunlari hisoblanadi:

— 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni;
— 26-yanvar — Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni;
— 1-fevral — Transport xodimlari kuni;
— 22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni;
— aprel oyining birinchi yakshanbasi — Geologiya sohasi xodimlari kuni;
— 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni;
— 18-aprel — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni;
— 7-may — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni;
— may oyining uchinchi yakshanbasi — Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni;
— 9-iyun — Arxiv xodimlari kuni;
— 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni;— iyun oyining oxirgi yakshanbasi — Savdo, matlubot kooperatsiyasi va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari kuni;— 4-avgust – Milliy gvardiya organlari xodimlari kuni;
— 20-avgust — Tadbirkorlar kuni;
— avgust oyining birinchi yakshanbasi — Temir yo‘l transporti xodimlari kuni;
— avgust oyining ikkinchi yakshanbasi — Qurilish sohasi xodimlari kuni;
— avgust oyining uchinchi yakshanbasi — O‘zbekiston Respublikasining Havo Floti kuni;
— 26-sentabr — Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni;
— 20-oktabr – O‘zbekiston qutqaruvchilar kuni;
— 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni;
— 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni;
— noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni;
— dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni.

Kasb bayramlarini respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasida tashkil etish uchun mas’ul tashkilotlar belgilanmoqda. Bayram tadbirlarini o‘tkazishda jamoat tartibi, xavfsizlik, tibbiy xizmat, sanitariya va yong‘in xavfsizligini ta’minlash talablari ham belgilangan.

Tadbirlarni moliyalashtirish mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, ish beruvchilar bayram kunlari munosabati bilan xodimlarga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi mukofotlar to‘lashi mumkinligi nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid