
O‘zbekistonda biznesni 15 daqiqada boshlash tamoyili joriy etilmoqda
2026 yildan tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tish va faoliyatni boshlash uchun barcha xizmatlarni bir joyda tez va sodda usulda amalga oshira oladi. Natijada bir hafta talab etiladigan bu jarayonlarning muddati 15 daqiqaga qisqaradi.

O‘zbekistonda «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili to‘liq kuchga kiradi. Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni O‘zbekistonda «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyilini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Yangi tartib tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini qisqartiradi va bir paytning o‘zida 7 ta muhim xizmat ko‘rsatishni qamrab oladi.
— mazkur xizmatlarga;
— elektron raqamli imzo kalitini berish;
— bankda hisobvaraq ochish uchun ariza berish;
— litsenziya yoki ruxsatnoma yoxud xabarnoma olish uchun ariza berish (faoliyat turiga qarab);
— ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini rasmiylashtirish;
— QQS to‘lovchisi guvohnomasini rasmiylashtirish (avtomatik tarzda beriladigan soliq to‘lovchilar uchun);
— onlayn nazorat-kassa apparatini sotib olish va uni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
— yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga qo‘yish kiradi.
Shuningdek, tadbirkor har bir xizmatdan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishi va tanlangan xizmatlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lov amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayon hujjat aylanmasini kamaytirib, biznesni boshlash muddatini sezilarli qisqartiradi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yildan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham yuridik shaxslar bilan bir xil tarzda firma nomi bilan faoliyat yuritish huquqi beriladi. Bu tadbirkorlar uchun brending, reklama va bozorda tanilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shu bilan birga, litsenziyalar va boshqa biznes hujjatlaridagi birlamchi ma’lumotlarni o‘zgartirish jarayoni yengillashtiriladi. Korxona nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli yoki ta’sischining ma’lumotlari o‘zgarganda, tegishli hujjatlar avtomatik va bepul tarzda yangilanadi.
Prezident Mirziyoyev «15 daqiqada biznes» g‘oyasini joriy yil 20-avgustda biznes vakillari bilan uchrashuvda e’lon qilgan edi. Dasturning maqsadi – yangi korxonalarni tez, shaffof va yengil tartibda ishga tushirish imkoniyatini yaratishdir.





