Logo

O‘zbekistonda elektr iste’moli tarixiy rekordni yangiladi

Bugun 14:552 daqiqa

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli ketma-ket ikkinchi kun rekord o‘rnatdi. Yangi ko‘rsatkich qishdagi eng yuqori darajadan ham oshib ketdi.

O‘zbekistonda elektr iste’moli tarixiy rekordni yangiladi © yandexmaps

O‘zbekistonda 14-iyul kuni elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi sutkalik rekord qayd etildi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir kunda mamlakat bo‘yicha 284 million kWh elektr energiyasi iste’mol qilingan. Bu ko‘rsatkich 13-iyul kuni o‘rnatilgan yozgi rekord — 278,6 million kWh, shuningdek, 2026 yil 24-yanvarda qayd etilgan qishki maksimal ko‘rsatkich — 283 million kWh'dan ham yuqori bo‘ldi.

Shu bilan birga, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqdi. 14-iyul kuni mamlakatda 287,3 million kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu qishdagi eng yuqori ishlab chiqarish hajmidan 9,7 million kWhyoki 3,49 foizga ko‘pdir.

Energetika vazirligi yuqori yuklama davrida elektr ta’minotini barqaror saqlash maqsadida avariyaviy-tiklash brigadalari kuchaytirilgan tartibda faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Sergeli va Olmazor tumanlarida elektr tarmoqlarining ayrim uchastkalarida yuzaga kelgan nosozliklar tezkor bartaraf etilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Koson, Ko‘kdala, Qamashi, G‘uzor, Kitob va Chiroqchi tumanlarida kuchli shamol oqibatida elektr uzatish tarmoqlarida sodir bo‘lgan uzilishlar bo‘yicha ham tiklash ishlari olib borilgan.

Vazirlik yuqori iste’mol davrida aholi va tadbirkorlarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga chaqirdi.

Xususan, konditsionerlarni +24...+26 daraja haroratda ishlatish, ularning filtrlarini muntazam tozalash tavsiya etildi. Vazirlikka ko‘ra, bu elektr energiyasi sarfini kamaytirish, tarmoqlarga tushadigan yuklamani pasaytirish hamda uskunaning samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid