Logo

O‘zbekistonda erkaklar soni ayollardan qariyb yarim millionga ko‘pligi ma’lum bo‘ldi

Bugun 10:202 daqiqa

2026-yil 15-yanvar holatiga mamlakat doimiy aholisining umumiy soni 39 mln 47,3 ming kishini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda erkaklar soni ayollardan qariyb yarim millionga ko‘pligi ma’lum bo‘ldi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, erkaklar soni ayollardan 485,1 ming nafarga ko‘p ekani aniqlandi. Mamlakat doimiy aholisining umumiy soni esa 39 mln 47,3 ming kishini tashkil etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 19 mln 766,2 ming nafarini (50,6 foiz) erkaklar, 19 mln 281,1 ming nafarini (49,4 foiz) esa ayollar tashkil etgan. Jinslar o‘rtasidagi tafovut 1,2 foiz punktga teng bo‘lgan.

Shahar va qishloq aholisi nisbati

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi shahar hududlarida istiqomat qiladi. Xususan, 21 mln 276,7 ming kishi (ya’ni aholining 54,5 foizi) shahar joylarda, 17 mln 770,6 ming kishi (45,5 foizi) esa qishloqlarda yashaydi.

Ushbu ko‘rsatkichlarga asosan, O‘zbekistonda shahar aholisi qishloq aholisidan 3 mln 506,1 ming nafarga ko‘pligi qayd etilgan.

Etnik tarkibi

O‘zbekistonda doimiy yashovchi aholining 89,4 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Milliy tarkib bo‘yicha ikkinchi yirik guruh tojiklar bo‘lib, ularning soni 1,28 mln nafarga yoki aholining 3,3 foiziga teng. Keyingi o‘rinlarda qoraqalpoqlar — 841,4 ming (2,2 foiz), qozoqlar — 707,3 ming (1,8 foiz) va ruslar — 606,5 ming (1,6 foiz) qayd etilgan.

Shuningdek, mamlakatda 219,1 ming qirg‘iz (0,6 foiz), 194,8 ming turkman (0,5 foiz) istiqomat qiladi. Boshqa millat vakillari esa 300 ming nafarni yoki aholining 0,8 foizini tashkil etadi.

Hududlar kesimida milliy tarkib sezilarli farq qiladi. O‘zbeklarning aholi tarkibidagi eng yuqori ulushi Xorazm viloyatida qayd etilgan — 98,7 foiz. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan — 47,6 foiz.

Shunga qaramay, o‘zbeklar Qoraqalpog‘istonda ham eng yirik milliy guruh hisoblanadi. Hududda qariyb 1,02 mln o‘zbek va 772,3 ming qoraqalpoq istiqomat qiladi.

Tojiklarning eng ko‘p qismi Surxondaryo viloyatida yashaydi — 273,7 ming kishi. Namangan viloyatida 254,7 ming, Farg‘ona viloyatida esa 210,2 ming tojik istiqomat qiladi.

Etnik ruslarning qariyb yarmi Toshkent shahrida yashaydi. Poytaxtda ularning soni 299,7 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 9,3 foiziga teng bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid