O‘zbekistonda ilk milliy moliyaviy hisobot standarti tasdiqlandi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi standart hisobot yuritishda yagona qoidalarni joriy etishga qaratilgan.
© corporatefinanceinstitute.comMilliy moliyaviy hisobot standarti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15-sentabrdagi PQ–282-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. «Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari» nomli mazkur hujjat 2026 yil 11-aprel kuni ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Milliy moliyaviy hisobot standartning asosiy vazifasi
Yangi standartning asosiy vazifasi tadbirkorlik subektlari tomonidan shakllantiriladigan moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi, haqqoniyligi va qiyoslanuvchanligini oshirishdan iborat. U tashkilotlarda hisob siyosatini shakllantirish va qo‘llash, hisob baholarini aniqlash hamda xatolarni tuzatishning yagona va aniq tartibini belgilab beradi.
Mazkur standart mulkchilik shaklidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan aksariyat yuridik shaxslar uchun tatbiq etiladi (ayrim maxsus toifadagi tashkilotlar bundan mustasno). Bu esa uning keng qamrovli amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Standartning joriy etilishi natijasida:
Moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi oshadi;
Turli davrlar va tashkilotlar kesimida qiyoslanuvchanlik ta’minlanadi;
Biznes va investorlar uchun ochiq va tushunarli moliyaviy muhit yaratiladi;
Kichik va o‘rta biznes subektlari uchun xalqaro standartlarga yaqinlashish imkoniyati kengayadi.





