O‘zbekistonda inflatsiya kutilmalari 11,2 foizga tushdi

18.02.2026 | 09:182 daqiqa

Yanvar oyida aholi va biznes inflatsiya bo‘yicha prognozlarini qisqartirdi. Narxlar o‘sishi kutilmalari pasaygan bo‘lsa-da, go‘sht, kommunal xizmat va yoqilg‘i asosiy xavotir sifatida qolmoqda.

O‘zbekistonda inflatsiya kutilmalari 11,2 foizga tushdi

2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonda inflatsiya kutilmalari pasaydi. Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha prognozlari 0,3 foiz punktaga kamayib, 11,2 foizni tashkil etdi. Bu dekabr oyiga nisbatan yumshoq dinamikani anglatadi.

Fuqarolar narxlarga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar tariflarining oshishi (63 foiz), yoqilg‘i-energiya resurslari qimmatlashuvi (52 foiz) va valuta kursi o‘zgarishlarini (41 foiz) ko‘rsatgan. Biznes ham o‘z prognozlarini qisqartirdi — inflatsiya kutilmasi 10,8 foizga tushdi. Tadbirkorlar ham energiya resurslari va transport xarajatlari o‘sishini asosiy xavf sifatida baholamoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori inflatsiya kutilmalari Toshkent shahrida — 12,7 foiz, Farg‘ona viloyatida — 12,3 foiz va Qoraqalpog‘istonda — 12,1 foiz darajasida qayd etildi. Eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyatida — 9,5 foiz. Tadbirkorlar orasida esa Surxondaryo viloyati yetakchi — 11,6 foiz, Toshkent viloyati eng past ko‘rsatkichga ega — 10,1 foiz.

Sohalar bo‘yicha tahlilda davlat tashkilotlari xodimlari 13 foiz, tibbiyot sohasi vakillari 12,8 foiz inflatsiya kutmoqda. Qishloq xo‘jaligi eng optimistik sohalardan biri bo‘lib, kutilma 9,4 foizni tashkil etdi. Biznesda transport xizmatlari sohasi 12,8 foiz bilan yetakchi, savdo va agrosektor esa 9,8 foizni qayd etgan.

Daromad darajasi bilan inflatsiya kutilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik kuzatildi. Oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori fuqarolar inflatsiyani 16,1 foiz darajasida kutmoqda. 2–4 mln so‘m daromadlilar esa 9,6 foiz o‘sishni prognoz qilgan.

Yanvar oyida sezilgan inflatsiya 11,7 foizni tashkil etdi, bu dekabrga nisbatan 0,3 foiz punkta past. Aholi eng ko‘p go‘sht va sut mahsulotlari (48 foiz), benzin va yoqilg‘i (40 foiz), elektr va gaz (28 foiz), dori-darmonlar (23 foiz) narxlari oshganini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid