O‘zbekistonda oqsil kasalligi xavfi: chorvachilikda sanitariya oyligi e’lon qilindi

Bugun 10:042 daqiqa

18-apreldan 18-maygacha mamlakatda veterinariya nazorati kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda oqsil kasalligi xavfi: chorvachilikda sanitariya oyligi e’lon qilindi © PROMEAT

O‘zbekistonda 18-apreldan 18-mayga qadar «Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena» oyligi e’lon qilindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi qo‘shma murojaatida ma’lum qilindi.

Qaror chorva hayvonlari orasida xavfli kasalliklar, xususan oqsil (yashur) tarqalishi xavfi ortib borayotgani bilan izohlanmoqda.

1

2

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda dunyoda hayvonlar o‘rtasida yangi kasallik turlari ko‘paymoqda. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda oqsil kasalligining yangi SAT tiplari aniqlangan. Amaldagi vaksinalar esa bu turlarga qarshi to‘liq samara bermasligi ta’kidlanmoqda.

Shu munosabat bilan fermer va chorvadorlarga veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilish tavsiya etildi. Jumladan, xo‘jaliklarga kirish joylarida dezinfeksiya vositalarini o‘rnatish, begona shaxslar va transport harakatini cheklash, hayvonlarni sog‘lom sharoitda saqlash va ularni sifatli ozuqa hamda toza suv bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, hayvonlarda kasallik alomatlari kuzatilganda ularni zudlik bilan ajratish va mustaqil davolashga urinmasdan veterinarga murojaat qilish lozim. Oqsil kasalligi yuqori harorat, og‘iz va tuyoqlarda yaralar, yelinda shikastlanishlar bilan namoyon bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, emlash kasallikning oldini olishda eng samarali chora hisoblanadi. Qoramollar yiliga ikki marta, qo‘ylar esa bir marta emlanishi kerak. Zarur hollarda 2,5–3 oylikdan katta barcha hayvonlar majburiy emlanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi kasallikka oid har qanday shubhali holatlarda tezkor ravishda veterinariya xizmatlariga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Kasallikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar to‘plami (qo‘llanma):

Teglar

Mavzuga oid