add

O‘zbekistonda Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi

Kecha 14:06732 daqiqa

Markaz Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Olimpiya shaharchasiga joylashtiriladi. Mamlakatda paralimpiya sportchilari tayyorgarligi va terma jamoalarni shakllantirish tizimi yangilanadi.

O‘zbekistonda Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi

Prezidentning 2025 yil 11-dekabrda qabul qilingan «Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (373-son) paralimpiya sport turlarini rivojlantirishning ustuvor maqsadlarini belgilab berdi.

Ushbu hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sportga qiziqishini oshirish, ular uchun qulay shart-sharoit yaratish va terma jamoalar uchun barqaror sport zaxirasini shakllantirish asosiy yo‘nalish sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash va saralashning raqamlashtirilgan tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, nogironligi bo‘lgan sportchilarning sog‘lom guruhlar bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etishiga imkoniyat yaratiladi. Har bir hududda ayrim davlat sport maktablari paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtiriladi. Sportchilarning nogironlik toifasini barvaqt aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, har bir sport turi bo‘yicha alohida sport bazalari terma jamoalarga biriktiriladi.

2026 yil 1-yanvardan terma jamoalarni shakllantirishning yangi tartibi kuchga kiradi. Unga ko‘ra, sportchilarning musobaqalardagi natijalari bilan birga sport normativlarini bajarishi ham asosiy mezon sifatida qabul qilinadi. Ayrim paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika chempionati yoki kubogini o‘tkazish majburiy hisoblanmaydi, ammo «ERP-sport» elektron tizimida sportchilarning natijalari to‘liq yuritilib, normativlar bajarilishi doimiy monitoring qilinadi.

Shuningdek, qaror bilan Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi. Yangi markaz Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Olimpiya shaharchasiga joylashtiriladi.

Teglar

Mavzuga oid