add

O‘zbekistonda yetim bolalar uchun 500 dollarlik depozitlar ochildi

Bugun 14:552 daqiqa

Yangi yil munosabati bilan O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq yetim bola nomiga 500 dollarlik depozit ochildi va ijtimoiy kartalar berildi.

O‘zbekistonda yetim bolalar uchun 500 dollarlik depozitlar ochildi

O‘zbekistonda joriy yilgi Yangi yil tadbirlari doirasida 8 mingdan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar nomiga bank depozit hisob raqamlari ochildi. Ijtimoiy himoya agentligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, har bir bola uchun davlat tomonidan 500 AQSH dollari miqdorida mablag‘ joylashtirilgan.

Ushbu depozitlar 0 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olgan bo‘lib, mablag‘lar kapitalizatsiya orqali yillar davomida yig‘ilib boradi. Bolalar 18 yoshga to‘lgandan so‘ng ushbu mablag‘lardan mustaqil ravishda foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bu amaliyot bolalarning kelajakdagi ta’lim olishi, kasb egallashi va mustaqil hayotga tayyorgarligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Dastur mahallalarda yashovchi yetim bolalar, mehribonlik uylari, oilaviy va kichik bolalar uylari, SOS bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari, shuningdek Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlarini qamrab oldi. Shu bilan birga, «Taskin» xospisi qoshidagi bolalar onkologiya shifoxonasida davolanayotgan o‘g‘il-qizlar ham ushbu qo‘llab-quvvatlashdan chetda qolmadi.

Muhim jihat shundaki, «Taskin» xospisida davolanayotgan bolalar uchun ochilgan depozit hisob raqamlaridagi mablag‘lar qonuniy vakillarining murojaati asosida istalgan vaqtda bank kartasiga o‘tkazib berilishi mumkin. Bu esa davolanish jarayonida qo‘shimcha moliyaviy ehtiyojlarni qoplash imkonini yaratadi.

Depozitlar ochilishi bilan bir vaqtda 9 yoshdan oshgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar ham taqdim etildi. Ushbu kartalar orqali imtiyozli jamoat transportidan foydalanish, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shaxsni tasdiqlash hamda ijtimoiy yordam olish huquqini tasdiqlash mumkin. Barcha operatsiyalarni «Baraka» mobil ilovasi orqali nazorat qilish imkoniyati mavjud.

Teglar

Mavzuga oid