O‘zbekistonga 8 oyda 54,8 mingta elektromobil import qilindi
Yanvar–avgust oylarida mamlakatga olib kirilgan elektromobillarning umumiy qiymati 614,4 mln dollarni tashkil etdi. Bir dona elektromobilning o‘rtacha import narxi esa o‘tgan yilga nisbatan 9,5 foizga arzonlagan.
© BloombergO‘zbekistonga 2026 yil yanvar–avgust oylarida jami 614,44 mln dollarlik 54 826 ta elektromobil import qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Import qilingan elektromobillar soni 2025 yilning mos davridagi 28 920 taga nisbatan 89,63 foizga ko‘paygan.
Shu bilan birga, elektromobillarning o‘rtacha import qiymati pasaygan. Joriy yilning dastlabki 8 oyida bir dona elektromobil o‘rtacha 11 207 dollardan import qilingan bo‘lsa, 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 12 389 dollarga teng bo‘lgan.
Shunday qilib, bir yil davomida elektromobilning o‘rtacha import narxi 1 182 dollarga yoki 9,5 foizga kamaygan.
Iyul oyida eng ko‘p elektromobil olib kirilgan
Oylar kesimida eng ko‘p elektromobil iyul oyida import qilingan — 8 875 ta. Avgust oyida esa 8 076 ta elektromobil mamlakatga olib kirilgan.
Eng kam ko‘rsatkich yanvar va fevral oylarida qayd etilgan. Ushbu oylarda mos ravishda 4 548 ta va 5 152 ta elektromobil import qilingan.
Qolgan oylardagi import hajmi quyidagicha:
- mart — 6 662 ta;
- aprel — 6 716 ta;
- may — 6 952 ta;
- iyun — 7 845 ta.
Iyun oyida elektromobillar savdosi ham oshgan
Avvalroq iyun oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi sezilarli darajada oshgani xabar qilingandi. Oy davomida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil oldi-sotdi qilingan.
Bu ko‘rsatkich may oyiga nisbatan qariyb 63,5 foizga yuqori bo‘lgan.





