
O‘zbekistonliklar 2025 yilda ta’lim uchun qancha mablag‘ sarfladi?
2025 yilda O‘zbekistonda ta’lim xizmatlariga sarf keskin o‘sib, asosiy ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi bozor xizmatlari hajmi 34,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshgan bo‘lib, ta’lim xizmatlariga talab barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng katta sarf Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxt aholisi va tashkilotlari tomonidan ta’lim xizmatlari uchun 16,6 trln so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha umumiy hajmning deyarli yarmini tashkil etadi. Bu holat xususiy ta’lim muassasalari, oliygohlar va qo‘shimcha ta’lim xizmatlarining asosan poytaxtda jamlangani bilan izohlanadi.
Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati qayd etildi. Hududda ta’lim xizmatlari bozori hajmi 2,5 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ushbu ko‘rsatkich 2,2 trln so‘mga yetgan bo‘lib, vodiy hududlari orasida yetakchilik saqlanib qolgan.
Andijon, Buxoro va Namangan viloyatlarida ta’lim xizmatlariga sarf hajmi deyarli bir xil bo‘lib, har biri 1,7 trln so‘m atrofida shakllangan. Toshkent viloyatida 1,6 trln so‘m, Qashqadaryo viloyatida esa 1,5 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Qolgan hududlarda ta’lim xizmatlari bozori nisbatan kamroq ulushni tashkil etgan. Surxondaryo viloyatida 1,2 trln so‘m, Xorazm viloyatida 1,1 trln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 trln so‘mlik xizmatlar qayd etilgan.
Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo viloyatida 343,7 mlrd so‘m, Navoiy viloyatida 438,5 mlrd so‘m va Jizzax viloyatida 532,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.





