
O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 44 mlrd dollarga yetdi
2025-yil oktabr oyi boshida davlat qarzi qariyb 5 mlrd dollarga o‘sib, asosiy kreditorlar Jahon banki va OTB bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-oktabr holatida O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 969 mln dollarga yetdi. Qarzning 36,7 mlrd dollari — tashqi, 7,2 mlrd dollari esa ichki qarzdan iborat. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘proq bo‘lib, davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32,3 foizni tashkil etdi. Har bir fuqaro hisobiga to‘g‘ri keladigan qarz miqdori 1154 dollarga teng bo‘ldi.
Davlat qarzining 84 foizi tashqi manbalar hissasiga to‘g‘ri kelsa, ichki qarz ulushi 16 foizni tashkil etmoqda. Tashqi qarzlar asosan quyidagi yirik xalqaro tashkilotlardan jalb qilingan:
Jahon banki — 8 mlrd dollar;
Osiyo taraqqiyot banki — 7,5 mlrd dollar;
xalqaro investorlar (yevrobondlar) — 5,8 mlrd dollar;
Xitoy moliya tashkilotlari — 3,7 mlrd dollar;
Yaponiya moliya institutlari — 3,1 mlrd dollar;
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
Fransiya moliya tashkilotlari — 1,2 mlrd dollar;
Islom taraqqiyot banki — 932 mln dollar;
Koreya moliya institutlari — 740 mln dollar;
Xalqaro valuta jamg‘armasi — 638 mln dollar;
Germaniya davlat banki — 491 mln dollar;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 426 mln dollar;
Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.
Umumiy tashqi qarzning 47 foizi (17,4 mlrd dollar) byudjetni qo‘llab-quvvatlashga sarflangan. Qarz mablag‘larining 16 foizi (5,8 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi (3,2 mlrd dollar) qishloq va suv xo‘jaligiga yo‘naltirilgan. 8 foiz (2,8 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, yana 8 foiz (3 mlrd dollar) uy-joy kommunal xo‘jaligiga sarflangan.
Tashqi qarzning valyutalar bo‘yicha tarkibida AQSH dollari ustuvorlik qiladi — umumiy kreditlarning 63 foizi aynan dollarda rasmiylashtirilgan. Qolgan qismning 12 foizi so‘mda, 8 foizi yevroda, 6 foizi iyenada va 2 foizi yuanda tuzilgan.





