
Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya xulosasi berish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha yangi tartibni tasdiqlandi.

13-noyabr kuni qabul qilingan 720-sonli Hukumat qarori bilan «Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Mazkur xulosa 3 yil muddatga rasmiylashtirilishi ko‘zda tutildi.
Yangi tartibga ko‘ra, xulosa chetdan olib kirilayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik muddati davomida beriladi. Yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlarga esa muddat belgilamasdan sanitariya-epidemiologik baho taqdim etiladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa bir qator holatlarda majburiy hisoblanadi. Jumladan, yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda, mahsulot tarkibi o‘zgarganda, texnologik jarayon qismlari yoki jamlanmalari almashtirilganda xulosa olinishi shart. Shuningdek, tajriba tariqasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, respublikaga olib kirilayotgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tovarlari ham sanitariya xulosasiz muomalaga chiqarilmaydi.
Shuningdek, amaldagi sanitariya-epidemiologik xulosaning muddati tugaganda korxona yoki tadbirkor uni qayta rasmiylashtirishi lozim. Davlat xizmatiga murojaat Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki elektron tarzda YAIDXP — my.gov.uz orqali amalga oshiriladi.
Reglamentga muvofiq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod bilan tasdiqlaydi va natijani bir ish kuni ichida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuborish imkoniyatini yaratadi.





