P2P nazorati, xususiyga o‘tayotgan davlat xizmatlari va jamoat transporti muammosi

Iqtisodchi Otabek Bakirov bilan iqtisodiy tahliliy ko‘rsatuvning navbatdagi sonida tadbirkorlarning quyosh energiyasini davlatga sotish narxi pasayishi mumkinligi, P2P nazorati va transport muammolari muhokama qilindi.

«Avval iqtisod» dasturining navbatdagi sonida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi eng dolzarb masalalar muhokama qilindi. Dastur davomida energotariflarning oshishi, quyosh panellari orqali davlatga elektr energiyasi sotish tarifining pasayishi ehtimoli, P2P o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchayishi, jamoat transporti muammolari hamda davlat xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazish masalalari tahlil qilindi.

Suhbat davomida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlatga sotish narxining 800 so‘mdan 250 so‘mga tushirilishi mumkinligi investorlar va tadbirkorlar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi muhokama qilindi. Bunday qaror uzoq muddatli davlat kafolatlariga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu tariflarga ishonib kredit olgan tadbirkorlarning moliyaviy xavflari ham tilga olindi.

Dasturda P2P o‘tkazmalari nazorati ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Soliq organlarining shaxsiy bank kartalaridagi o‘tkazmalarni tahlil qilishi, bank siri daxlsizligi va fuqarolarning moliyaviy xavfsizlik hissiga ta’siri yuzasidan savollar o‘rtaga tashlandi. Shu bilan birga, biznesning «soya iqtisodiyoti»ga ketishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida ham fikr yuritildi.

Jamoat transporti bo‘yicha Toshkent va uning atrofidagi hududlarni avtobus yo‘nalishlari bilan bog‘lashdagi kechikishlar, «Park and Ride» tizimi hamda transport infratuzilmasidagi muammolar muhokama qilindi. Shuningdek, poytaxtda maktab, bog‘cha va poliklinikalar taqsimotida katta nomutanosiblik mavjudligi aytildi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazish jarayonlari ham dastur markazidagi mavzulardan biri bo‘ldi. Xususiylashtirish jarayonida haqiqiy raqobat muhiti shakllanmayotgani, ayrim xizmatlar narxining keskin oshib ketayotgani va xizmat sifati ustidan nazorat masalalari yuzasidan tanqidiy fikr bildirildi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 125

Barchasi

Mavzuga oid