Logo

«Paynet» to‘qqiz oy ichida qariyb 65 mln dollar sof foyda oldi

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida kompaniyaning sof foydasi 2,4 barobarga oshib, 780 milliard so‘mga yetdi.

«Paynet» to‘qqiz oy ichida qariyb 65 mln dollar sof foyda oldi © Paynet

«Paynet» to‘lov tashkiloti 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 780 milliard so‘m (64 million 823 ming dollar) sof foyda ko‘rdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 450 milliard so‘mga yoki 2,4 barobarga ko‘p. Bu haqda kompaniya tomonidan e’lon qilingan moliyaviy hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyati ushbu davrda 1 trillion 752 milliard so‘m sof tushum olgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 542 milliard so‘mga yoki 45 foizga o‘sgan.

Foydaning keskin o‘sishida kompaniyaning asosiy faoliyatidan tashqari daromadlari ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, to‘lov tashkilotining to‘qqiz oylik foydasining 321 milliard so‘mi dividend to‘lovlari orqali kelgan.

Agar ushbu mablag‘lar hisobga olinmasa, kompaniyaning sof foydasi 459 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lar edi.

Ma’lumot o‘rnida, «Paynet» kompaniyasi «HUMO» to‘lov tizimining yagona aksiyadori hisoblanadi.

Xarajatlar va soliq to‘lovlari

Kompaniyaning moliyaviy xarajatlari tarkibida eng katta ulush sotish xarajatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda e’lon qilingan raqamlarda ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur xarajat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 250 milliard so‘mga ko‘payib, salkam 1 trillion so‘mga, aniqrog‘i 918 milliard so‘mga yetgan.

Boshqa operatsion xarajatlar esa 129 milliard so‘mga o‘sib, 211 milliard so‘mga teng bo‘lgan. Shu bilan birga, ma’muriy xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 20 milliard so‘mga kamayib, 65 milliard so‘mni tashkil etgani xabar qilindi.

Shuningdek, to‘lov tashkiloti hisobot davri uchun 85 milliard so‘m foyda solig‘i to‘lagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 50 milliard so‘mni tashkil qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davaktiv «Paynet» sotilishiga oid bitim tafsilotlarini ma’lum qilgandi.

«Paynet» xizmati 2005-yilda Botir Orifjonov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik tadbirkor kompaniyani Xalq banki ko‘rinishida davlatga (60 ming dollarga, garchi aktivi 10 million dollarga baholangan bo‘lsa-da) sotgan.

2024-yil aprel oyida «Paynet» to‘lov xizmatini boshqaruvchi «Uzpaynet» kompaniyasining ta’sischisi o‘zgargan. Reyestr ma’lumotlariga ko‘ra, korxonaning 100 foiz ulushi «New Industrial Technologies» kompaniyasiga o‘tgan.

Teglar

Mavzuga oid