
Pora evaziga ishni bitirib bermoqchi bo‘lgan advokatlar ushlandi
Tezkor tadbirlar davomida sud va huquqni muhofaza qilish idoralariga ta’sir o‘tkazishga uringan advokatlar qo‘lga olindi.

Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uch nafar advokatning sud-tergov jarayonlariga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish va pora olish bilan bog‘liq harakatlari aniqlanib, qo‘lga olindi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda poytaxtda faoliyat yurituvchi, muqaddam sudlangan advokat 5 ming AQSH dollarini noqonuniy tarzda olgan vaqtida ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Mirobod tuman IIO FMB tergov bo‘limi yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan jami 10 ming dollar talab qilgan. Mazkur mablag‘ evaziga sud tizimidagi tanishlari orqali ayblov moddalaridan birini olib tashlash va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berishni va’da qilgan.
Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudida ko‘rilayotgan ish yuzasidan 4 ming AQSH dollari olgan paytda qo‘lga olindi. U ham sud idoralaridagi aloqalari orqali ayblanuvchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlanishiga ko‘maklashishni va’da qilgani aniqlangan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbaridan 1500 dollar olgan holda ushlangan. U 450 million so‘mlik dori vositalarini olib, haqini bermagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib berishni va’da qilgan.
Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «v» bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





