«Poytaxt bank»ga yangi rahbar tayinlandi

Bugun 15:401 daqiqa

Bankning avvalgi boshqaruv raisi Dilshod Po‘latov aprel oyida lavozimidan ozod etilgandi.

«Poytaxt bank»ga yangi rahbar tayinlandi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan Kuzatuv kengashining 4-sonli yig‘ilishi qaroriga muvofiq, Feruz Ikromovich Azimov «Poytaxt bank» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. U bankni kelasi uch yil davomida boshqaradi.

Feruz Azimov 1988 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. U 2009 yilda Samarqand davlat universitetini, 2024 yilda esa Bank-moliya akademiyasi magistraturasini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2009 yilda «Asakabank» AJ Samarqand viloyati filialida boshlagan. Keyinchalik bankning Samarqand viloyati va Afrosiyob filiallarida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Xususan, Valuta va nosavdo amaliyotlari bo‘limiga rahbarlik qilgan.

Feruz Azimov 2019 yildan buyon Markaziy bank tizimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Bu davrda u bosh iqtisodchi, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i kabi lavozimlarda ishladi.

2022 yil oktabridan esa Valutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktori o‘rinbosari — valuta oqimlari tahlili boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan.

Shu bilan birga, «Poytaxt bank» tashkiliy tuzilmasiga boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari lavozimi ham kiritildi. Mazkur vazifaga Davron Isroilov, boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga esa Shaig Gaziyev tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, bankning avvalgi rahbari Dilshod Po‘latov 2025 yil sentabrida mazkur lavozimga tayinlangan bo‘lib, 2026 yil aprel oyida vazifasidan ozod etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid