Logo

Poytaxt metrosi uchun 280 mln dollarlik yangi poyezdlar xarid qilinadi

Bugun 13:252 daqiqa

Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi 14 ta besh vagonli elektropoyezd xarid qilish konsepsiyasini ma’qulladi.

Poytaxt metrosi uchun 280 mln dollarlik yangi poyezdlar xarid qilinadi

Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi poytaxt metropoliteni uchun 14 ta besh vagonli elektropoyezd xarid qilish konsepsiyasini ma’qulladi.

Yangi poyezdlar eskirgan tarkiblarning bir qismini almashtirishi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashi kutilmoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, poyezdlar 2027-yilda yetkazib berilishi lozim.

Metro parkini yangilash zarurati mavjud vagonlarning katta qismi bir necha o‘n yildan beri foydalanilayotgani bilan izohlangan. Shu bilan birga, yo‘lovchilar oqimi ham sezilarli oshgan. 2022-yilda metro 136,7 mln yo‘lovchi tashigan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 287 mln nafarga yetgan.

Dastlab olti vagonli poyezdlarni xarid qilish ham ko‘rib chiqilgan. Biroq bunday tarkiblar eng qisqa stansiya platformalariga sig‘maydi. Stansiyalarni rekonstruksiya qilish qo‘shimcha xarajat talab etgani uchun besh vagonli poyezdlar varianti tanlangan. Loyihaga ko‘ra, jami 70 ta vagon sotib olish rejalashtirilgan.

Poyezdlar qayerdan xarid qilinadi?

Loyiha doirasida Xitoy, Rossiya, Fransiya, Ispaniya, Chexiya, Janubiy Koreya va Yaponiyaning poyezd ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining takliflari solishtirilgan.

Eng arzon variant Xitoyning «CRRC» kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning qiymati 118,3 mln dollarni tashkil etgan. Eng qimmati esa Yaponiyaning «Kawasaki» kompaniyasiga tegishli — 279,1 mln dollar.

Ushbu summalar poyezdlar va ularni yetkazib berish xarajatlarini qamrab oladi. Biroq loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar hisobga olinmagan.

Tijoriy takliflar «CRRC» va Rossiyaning «Globalnie transportnie resheniya» kompaniyasidan kelib tushgan. Qolgan ishlab chiqaruvchilar ochiq ma’lumotlar asosida baholangan.

Qayd etilishicha, yakuniy yetkazib beruvchi hozircha aniqlanmagan. Agar Rossiyadan boshqa ishlab chiqaruvchi tanlansa, alohida depo va texnik xizmat ko‘rsatish bazasini qurish talab etiladi. Ularning dastlabki qiymati 10,13 mln dollarga baholangan. Bu summaga yer tanlash, loyihalash va qurilishni tashkil etish xarajatlari kiritilmagan.

Xaridni kreditlar hisobidan moliyalashtirish, qarzlarni esa davlat budjetidan qaytarish rejalashtirilmoqda. Dastlabki jadvalga ko‘ra, yangi poyezdlar uchta partiyada 2027-yil 1-noyabrgacha yetkazib berilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Berlinda o‘tgan InnoTrans-2026 ko‘rgazmasida sakkizta yangi tezyurar elektropoyezd, lokomotivlar hamda temir yo‘l relslari sotib olish bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Poytaxt metrosi uchun 280 mln dollarlik yangi poyezdlar xarid qilinadi | Vaqt.uz