Prezident: O‘zbekistonda ikkinchi AES qurilishi uchun tayyorgarlik boshlanadi
O‘zbekistonda yana bir atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi AES loyihasi bo‘yicha «katta tayyorgarlik» boshlanganini ma’lum qildi, ammo uning joylashuvi va quvvati haqidagi malumotlar hozircha ochiqlanmagan.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Xorazm viloyatida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.
Davlat rahbari yirik energetika va infratuzilma loyihalari haqida gapirar ekan, Jizzax viloyatida qurilayotgan atom elektr stansiyasini ham eslatib o‘tdi.
«Jonajon vatanimiz mustaqilligining 35 yilligida o‘zingiz ko‘rib turibsiz, qanday islohotlarni amalga oshiryapmiz, qanday loyihalarni ro‘yobga chiqaryapmiz. Bir paytlar Jizzaxda atom elektr stansiyasi bo‘lishini tasavvur qilarmidik?» — dedi u.
Shundan so‘ng u mamlakatda yana bir AES loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik boshlanganini bildirdi.
«Bugun sizlarga bir sirni aytmoqchiman: yaqinda ikkinchi stansiya bo‘yicha ham katta tayyorgarlik qilyapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hozircha ikkinchi atom elektr stansiyasi qayerda qurilishi, uning quvvati qanday bo‘lishi va loyiha qachon amalga oshirilishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Energiya — investorlarning birinchi savoli
Prezident energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni mamlakatga investitsiya jalb qilish va investorlarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash zarurati bilan bog‘ladi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga kelayotgan investorlarni, avvalo, elektr energiyasi narxi va uning kafolatli yetkazib berilishi qiziqtiradi.
«Ularning birinchi savoli nima? „Men sarmoyamni olib kelaman, elektr energiyasi narxi qanaqa bo‘ladi? Kafolati qanday bo‘ladi?“ deydi», — dedi davlat rahbari.
Prezident 2030 yilgacha belgilangan energetika strategiyasini amalga oshirish, elektr ta’minotini kafolatli qilish va ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish bo‘yicha choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
2025-yil dekabrida O‘zatom rahbari ikkinchi yirik quvvatli AES qurilishi ehtimolini bildirgan, biroq o‘sha paytda uni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar mavjud emasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Jizzax viloyatidagi maydon yana ikkita yirik energoblokni joylashtirish imkonini beradi.
O‘zbekiston AES uchun qancha to‘laydi?
O‘zbekistonda hozirda Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonda qurilayotgan birinchi AES loyihasining ehtimoliy qiymati, loyiha parametrlari va narxlarga ta’sir qiluvchi omillar haqidagi maqolasini e’lon qilgan edi.