Logo

Prezident: Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan hududlardan biri

Bugun 11:522 daqiqa

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston «yashil» energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylanadi.

Prezident: Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan hududlardan biri © Foto: president.uz

Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda aytilishicha, o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonga 1 milliard 700 million dollar investitsiya kiritilgan. Bu 2021 yildagi ko‘rsatkichdan 22 karra ko‘p. Joriy yilning birinchi yarmida hudud iqtisodiyoti 10,2 foiz o‘sib, Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan.

Shu bilan birga, hudud uchun soliq va tarif imtiyozlari joriy qilingan. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari ikki karra, sanoat uchun elektr tarifi 15 foizga pasaytirilgan, ijtimoiy soliq esa 1 foiz etib belgilangan.

Energetika

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda 860 megavattli yangi energetika quvvatlari ishga tushirilgan. Beruniy va Qorao‘zakdagi shamol elektr stansiyalari hisobiga «yashil» energiya ulushi 23 foizga yetgan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi to‘rt karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu hudud aholisi va korxonalarining yillik talabidan qariyb uch barobar ko‘p.

18-sentabr kuni 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ular orasida Qo‘ng‘irotda qiymati 2,6 milliard dollar, quvvati 1,5 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ham bor. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kV kuchlanishdagi uchta podstansiya quriladi.

2030 yilgacha bo‘lgan rejalar

Belgilangan rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha umumiy quvvati 3 ming 300 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. «Yashil» energiya ulushi 76 foizga yetkazilib, 400 megavattli energiya saqlash quvvatlari yaratiladi.

«Qoraqalpog‘iston «yashil» energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylanadi», — deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident: Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan hududlardan biri | Vaqt.uz