Prezidentdan ogohlantirish olgan rektorlar, qurilishi boshlangan pullik yo‘l va yoshlarga ajratiladigan payshanba — 24-fevral dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Vazirlik va hokimliklarda har payshanba – Yoshlar kuni bo‘ladi
O‘zbekistonda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda «Yoshlar kuni» sifatida belgilanib, shu kuni mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi, ularning muammo va takliflarini joyida hal etishi belgilandi. Yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va xorijiy til o‘rganishi, ishga joylashishi va tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida turli tanlov va yarmarkalar o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev muloqot davomida O‘zbekiston yoshlar taraqqiyoti global indeksda eng tez rivojlanayotgan davlat sifatida e’tirof etilganini ta’kidladi, shuningdek, Toshkentda Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi va Samarqand Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasiga mezbonlik qilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Belarus bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelgan Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Uchrashuv avvalida belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenkoning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik yuqori darajaga ko‘tarilgani qayd etilib, o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi. Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, hududlararo aloqalar hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Urganch–Xiva pullik yo‘li qurilishi boshlandi
O‘zbekistondagi ilk pullik avtomagistral hisoblangan Urganch–Xiva yo‘nalishidagi 35 kilometrli yo‘l qurilishi rasman boshlandi. 120 million dollar qiymatga ega loyiha doirasida to‘rt tasmali yo‘l barpo etilib, 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi, shuningdek muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari quriladi. Yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 20 mingdan ortiq transport vositasini tashkil etishi kutilmoqda.
Loyiha beshta uchastkaga bo‘lingan holda bir nechta pudrat tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilmoqda, qurilish jarayoni xalqaro maslahatchilar va laboratoriyalar tomonidan nazorat qilinmoqda. Yo‘lda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan raqamli qurilmalar o‘rnatilib, transport oqimini avtomatik boshqarish rejalashtirilgan. Magistral foydalanishga topshirilgach, hozir bir soatgacha davom etadigan safar vaqtini 17 daqiqagacha qisqartirish, shuningdek xizmat ko‘rsatish punktlari va xavfsizlik infratuzilmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Prezident universitet rektorlarini ogohlantirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvi davomida oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tanqid qilib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasida ayrim rektorlarning sustkashligini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, respublikadagi 157 ta oliygohdan faqat 12 tasi bitiruvchilar bilan loyihalar tashkil etib, bank krediti orqali 100 nafardan ortiq talabani tadbirkorlikka jalb qilgan. Shu munosabat bilan rektorlarning mas’uliyati va faoliyatiga jiddiy savollar qo‘yildi.
Uchrashuvda ta’lim sifati ham tanqid qilinib, oliygoh bitiruvchilarining barchasi ish bilan ta’minlanmayotgani va maktabni tugatgan o‘quvchilarning xorijiy tilni yetarli darajada o‘zlashtirmayotgani qayd etildi. Prezident maktab direktorlari va o‘qituvchilar mas’uliyatiga ham to‘xtalib, har bir rahbar va mutaxassis natija uchun javobgarlikni his qilishi lozimligini ta’kidladi.
Soliq qoidabuzarliklari haqida xabar berganlarga 3 mlrd so‘m mukofot puli berildi
2026 yil yanvar oyida Soliq qo‘mitasiga sohaviy huquqbuzarliklar bo‘yicha 12 486 ta murojaat kelib tushgan va ular asosida o‘tkazilgan tekshiruvlarda qonunbuzarliklarning 99 foizi tasdiqlangan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 1 739 ta murojaat takroriy yoki tekshiruv jarayonida ekani sababli ko‘rib chiqilmagan, qolganlari asosida 5 198 ta sayyor soliq tekshiruvi tashkil etilgan. Eng ko‘p shikoyatlar xarid cheki bermaslik holatlari bo‘yicha bo‘lib, bunday murojaatlar soni 10 879 tani tashkil etgan.
Shuningdek, 510 ta holatda to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik, 34 ta holatda esa plastik karta uchun xarid summasini oshirish holatlari qayd etilgan. Qonunbuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarga 4 782 ta holat bo‘yicha undirilgan jarima summasining 20 foizi, ya’ni jami 3 milliard so‘m mukofot puli to‘langan.





